Buxoro yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlanadi

photo 518

Loading

Yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani kabi qadim Buxoroda ham O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Bu boradagi qarorni prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida” nomli hujjatda imzolagan bo‘lib, uning to‘liq matni O‘zA da e’lon qilingan.

Ta’kidlash kerakki, yangilanayotgan Buxoroda eng aziz va eng ulug‘ ayyom – Mustaqillikning 31 yilligi har sohada munosib yutuqlar bilan kutib olinmoqda, har bir mahalla, ko‘cha va xonadonda o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki kayfiyatda qarshilanmoqda.

Qutlug‘ 31 yillik ayyom arafasida Buxoro viloyatida xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida tizimli ravishda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va rag‘bat har qachongidan kuchaytirildi. Birgina viloyat markazini olsak, bugun qadimiylik va zamonaviylikni o‘zida uyg‘unlashtirgan muhtasham “Bukhara city” zamonaviy turar-joy va ishbilarmonlik markazidan tortib, viloyatning nisbatan chekka hisoblangan tumanlarda ham olib borilayotgan qurilish ishlari avj olgan obyektlarda hayot qaynayotganini ko‘rish mumkin.

photo 01 139

Bu xayrli ishlar zamirida bevosita prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va rahnamoligi yotibdi, albatta. Buning isboti o‘laroq, hududni ijtimoiy rivojlantirish, har jabhada borayotgan islohotlardan voqif bo‘lish maqsadida keng qurilish maydoniga aylangan viloyat markazi va undagi muhtasham inshootlarni ko‘zdan kechirish kifoya. Masalan, o‘ziga xos zamonaviy tibbiyot shaharchasiga aylantirilayotgan Buxoro davlat Tibbiyot institutining yangi binosi va undagi majmualar (kompusi) da ado etilayotgan bunyodkorliklar ishlarini olaylik.

photo 02 171

Faoliyat ko‘lami va reytingi bilan respublikada o‘z mavqeiga ega bo‘lib borayotgan mazkur oliy ta’lim dargohining 900 o‘rinli yangi o‘quv binosi hamda 200 o‘rinli klinikasi, yana 600 o‘rinli 3 ta shinam yotoqxona va simuliatsion markaz binolari qurilishi ishlari deyarli o‘z nihoyasiga yetay deb qoldi.

Muhtasham majmua ko‘rinishini olayotgan ushbu inshootlar loyihasi mamlakatimiz Prezidentining o‘tgan yilgi viloyatga tashrifi davomidagi bergan tavsiya va ko‘rsatmalari tufayli ishlab chiqilgan bo‘lib, uning ro‘yobi uchun umumiy qiymati 134 000 000 000 so‘m mablag‘ ajratilgan.

Xuddi shuningdek, mazkur obyektning oldida joylashgan, M-37 xalqaro avtomagistral yo‘lidagi «Buxoro» avtoshoh bekatidan o‘tish uchun qurilayotgan yer osti tunneli ham yangi 2022/2023-o‘quv yilida talabalar va o‘qituvchilar, shuningdek, avtoshohbekat yo‘lovchilari hamda uning qarama-qarshi tarafida joylashgan «Karvon» buyum bozori xaridorlari va sotuvchilari, umuman barcha piyodalar xavfsizligini ta’minlashi uchun qutlug‘ ayyom sanalarida bitkazish rejalashtirilgan.

photo 486

Yana bir misol, Buxoro shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabi atrofida aholi nisbatan gavjum va tig‘iz istiqomat qilishiga qaramasdan, o‘sib kelayotgan navqiron avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni kitobxonlikka, sportga va boshqa sohalarga jalb qilish maqsadida alohida sport maydonchalari, axborot kutubxona markazi, vorkaut maydonchasi tashkil etishga talab va ehtiyoj ortib borayotgandi. Shuni inobatga olgan holda, shu yil iyun oyidan mahalliy aholining openbudjet.uz da ovoz berish yo‘li bilan ayni kunda 1 200 dan oshiq o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan mazkur maktab bazasida alohida majmuani barpo etish loyihasi ishlab chiqildi va buning uchun mahalliy budjet mablag‘i hisobidan qariyb 1 milliard so‘m sarmoya ajratildi. Natijada esa aholi talab va istaklariga muvofiq, hududda standart o‘lchamidagi sun’iy qoplamali mini futbol, basketbol hamda voleybol maydonchalari, ular atrofida vorkaut hamda yugurish yo‘laklari, 1 500 dona kitob fondiga ega axborot kutubxona, stol tennisi, shaxmat-shashkaga qiziquvchi o‘smirlar uchun alohida joylar, shuningdek, maktabning eski va ta’mirtalab ustaxonasi o‘rnida hududdagi xotin-qizlarni kasb-hunarga tayyorlash uchun shinam tikuv sexi, hordiq chiqarish joylari qurib bitkazildi hamda joriy yilning 31-avgust kuni rasman foydalanishga topshrildi.

photo 04 95

Jondor tumani, “Romish” MFY, Oqrabot qishlog‘idagi 44-umumiy o‘rta ta’lim maktabining mukammal ta’mirlangan binosi foydalanishga topshirilganini esa viloyatimizdago nisbatan markazdan uzoqda joylashgan manzildagi qurilish-bunyodkorlik sohasidagi yutuq sifatida e’tirof eta olamiz. Investisiya dasturi asosida zamon talablariga mos ta’mirdan chiqqan 620 o‘rinli mazkur maktab 6 milliard 500 million so‘m mablag‘ evaziga uning fasad qismidan tortib, ichki, kommunal va issiqlik tizimlarigacha batamom zamonaviy ta’mirlash ishlari olib borildi va 31-avgust kuni foydalanishga topshirildi.

photo 05 62

Olot tumani markazida kinoteatr va kutubxonani o‘z ichiga olgan “Ma’naviyat va ma’rifat maskani” binosi qurilishi esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yilning 21-, 22-yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida alohida to‘xtalib o‘tilgandi. Mazkur loyihani bajarish “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MChJ ga topshirilgandi. Shundan so‘ng, Olot tuman hokimining 2021-yil 11-fevraldagi qarori asosida, tuman markazidagi «Xalifa» mahallasidan 15 000 m2 yer maydon ajratilib, o‘tgan yili boshlangan inshoot bunyodkorligiga 30 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Buning natijasida 2 qavatli mazkur muhtasham binoda 255 o‘ringa mo‘ljallangan konsert zali, yoshlar uchun 62 o‘rinli kinoteatr zali, yana 60 o‘rinli anjumanlar zali, 20 o‘rinli kutubxona, 20 o‘rinli kompyuter xonasi va turli to‘garaklar uchun 10 ta xona barpo qilinib, talab darajasida jihozlandi. Uning ochilish marosimi ham tuman aholisi uchun katta shodiyonaga aylanib, joriy yilning 31-avgust kuni bo‘lib o‘tdi.

photo 06 47

Biz yuqorida keltirgan bunyodkorlik ishlari viloyatimizda shu kecha-kunduzda olib borilayotgan keng qamrovli yangilanish va qurilish dasturlaridan kichik bir namuna edi, xolos. Aslida, ushbu ishlar har yerda bundanda keng ko‘lamda davom etayotganligini har bir buxorolik bevosita his qilib yashayapti.

Bir so‘z bilan aytganda, “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostidagi ezgu maqsad zamirida jumladan, viloyatimizning yangilanib borayotgan har bir shahar va tumani, mahalla va qishloqlarida, tobora obod maskanga aylanib, yurtdoshlarimiz turmush tarzi farovonlashib borayotgan chekka va olis aholi punktlari, ovullarida tashviqot tadbirlari, madaniy–ma’rifiy targ‘ibot ishlari muntazam tashkil etilib, Buxoro xalqiga shukronalik va ko‘tarinki kayfiyat baxsh etmoqda.

Xulosa o‘rnida, mamlakatimiz Mustaqilligining 31 yilligi yana bir bor barchamizga muborak bo‘lsin, azizlar!, – deb qolamiz.

«Buxoroisharif.uz» internet nashri tahririyati

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.