Mashhurlar

“Nogironlar aravachasiga o‘tirishimga to‘g‘ri keldi”: Alisher Uzoqov og‘ir sinov, mukofotlanish orzusi va yagona armoni haqida

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

Aktyor va xonanda Alisher Uzoqov “Oʻzbekiston” telekanalining “Hayot va xayol yoʻllari” koʻrsatuvining mehmoni boʻlib, hayotida yuz bergan ogʻir sinov, eng katta armoni hamda onasidan biron marta maqtov eshitmagani haqida soʻzlab berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

“Hayotimda qattiq sinov boʻldi”

Alisher Uzoqov bir oy avval xorij sayohatida bo‘lgan vaqtida salomatligi bilan bogʻliq jiddiy muammoga duch kelgani haqida maʼlum qildi.

— Yaqinda hayotimda juda qattiq sinov boʻldi. Bu haqda deyarli hech kim bilgani yoʻq. Safarda, vatandan uzoqda edim. Sogʻligim bilan bogʻliq muammoga duch keldim. Hatto nogironlar aravachasiga oʻtirishimga toʻgʻri kelib qoldi. Holatimni deyarli hech kimga aytmagan edim. Lekin baribir sanoqli yaqinlarim qayerdandir eshitib xabar olishdi.

“Hamma sanʼatkorlarda ham mukofot olish orzusi boʻlsa kerak”

Aktyor koʻp yillik mehnatidan soʻng davlat mukofoti olishni kutganini tan oldi. Biroq sinovli kunida muxlislarning mehri va yordami uning uchun eng yaxshi mukofot ekanini anglab yetganini taʼkidladi.

— Shu paytgacha baribir sanʼat sohasining ichida yuribmiz. Ochigʻini tan olib aytaman, menimcha, hamma sanʼatkorda ham mukofot olish orzusi boʻladi. Shular qatori bu istak menda ham bor. Qilgan va qilayotgan mehnatiga munosib baho olish haqiqiy ijodkor uchun juda katta baho, deb oʻylayman. Munosiblarni kelgusida xalqi uchun qiladigan ijodida, mehnatida, ishida eʼtirof etish kerak, deb oʻylayman. Aytmoqchi boʻlganim, shu paytgacha men ham mukofotlanishimni juda qattiq kutdim.

— Bir oy avval boshimga qattiq sinov kelganida shunaqangi bir vaziyat boʻldi: chet safarida mazam qochib qolganida bir hamyurtimiz oldimga kelib, mendan hol-ahvol soʻradi. Samarqandlik yigit ekan. Oilasi bilan yurgan ekan, soʻng oilasini kuzatib yuborib, faqat men bilan shugʻullandi. Oʻsha yerda yotib, balki asl mukofot shuligi haqida oʻyladim. Chunki u yigit men suratga tushgan filmlarni koʻrib katta boʻlgani, yaxshi koʻrib ijodimni kuzatgani haqida juda koʻp gapirdi.

Mana shunaqa holatlarni, shu kabi menga nisbatan aytilgan gaplarni avvallari toʻgʻri qabul qilmasdim. Hozir maksimal darajada toʻgʻri qabul qilishga harakat qilaman. Chunki u inson tomonidan turib oʻylab koʻryapman. Deylik, men har xil holatda boʻlishim mumkin. Kimdir kelib rasmga tushaylik, deydi yoki ikki ogʻiz gaplashgisi keladi. U insonlar ham sizni yaxshi koʻrganidan oldingizga keladi. Samarqandlik hamyurtimiz ham meni hurmat qilishini aytdi. Oʻshanda o‘zimga oʻzim “Alisher, shuncha yil kutgan narsang, balki aslida shudir, balki shu eng muhimidir”, dedim. Chunki u inson qiyinchilik vaqtimda juda katta yordam berdi va u holatdan chiqib ketishimga sababchi boʻldi. Muxlislar eʼtirofi ham kerak ekan, deydi aktyor va rejissyor Alisher Uzoqov.

“Onam meni hech qachon maqtamagan”

— Maqtovlarni yomon koʻraman. Meni maqtashmagani yaxshi. Hattoki sovgʻa olishni ham yoqtirmayman. Chunki maqtov insonni faqat buzadi. Maqtovlarga ishonib, oʻzligimni yoʻqotib qoʻymasligim kerak.

“Tanqidni kim aytganiga qarab qabul qilaman”

— Bildiriladigan tanqidlar asosli boʻlsa, qabul qilaman. Chunki mana shu sohada ozmi-koʻpmi, anchadan beri ijod qilib kelyapmiz. Kimning fikri oʻrinli-yu, kimning tanqidi oʻrinli emas, ajrata olamiz.

Lekin hozir hammaning qoʻlida mikrofon, hamma fikr bildirish imkoniyatiga ega zamon boʻlib qoldi. Hamma jurnalist—suhbat, podkastlar qiladi. Buning uchun ularda kamera, mikrofonlar bor. Ming afsuski, hamma fikr bildirish huquqiga ega boʻlib qolgan.
Avvallari bir sohaning egasi, oʻz yoʻnalishidagi bilimlarni noldan oʻrgangan. Deylik, oddiy insonlar maqolalar yozmagan, fikrlarini bildirmagan. Ammo hozir ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirish imkoniyati hammada bor. Bu holatni toʻxtatib boʻlmaydi, biroq unga qarshi kurashish mumkin, deydi u.

“Bu hayotdagi yagona armonim”

— Otasizlik tufayli juda tez ulgʻaydim. Otam vafot etganida 20 yoshlar boʻlganman. Oʻsha paytda safarda boʻlganim uchun ularni soʻngi manzilga kuzata olmaganman. U paytlar hali texnika bugungidek rivojlanmagan edi — qoʻngʻiroq orqali tez bogʻlanishning imkoni yoʻq edi. Shuning uchun bu xabarni menga tezlikda yetkazishlari mushkul boʻlgan. Oʻzim uydagilarga aloqaga chiqqanimda bu haqda xabar topganman, ammo vaqtida yetib kela olmaganman. Hayotdagi bitta-yu bitta armonim shu, boshqa armonim yoʻq, deydi aktyor.

“Adabiyotni yaxshi koʻrib qolganman”

— Taxminan, besh yildan beri adabiyotni yaxshi koʻrib qolganman. Ayniqsa, tarixiy adabiyotlarimiz: Rumiyni yaxshi koʻraman, gʻazallarni koʻp oʻqiyman. Hammasini toʻliq tushunmasam ham har holda tushunishga harakat qilaman. Bir kitobni toʻrt marta oʻqigan boʻlsam, beshinchi marta oʻqisam ham yana boshqatdan tushunishim kerak boʻladi. Shunaqangi gʻazallar borki, ularni tushunish juda qiyin.

Ularni tushunish uchun besh-olti tomli eski oʻzbek tilining izohli lugʻati kitobi bor. Shu kitobni qayta-qayta oʻqib chiqqanman. Undagi quloqqa chalinadigan, chiroyli soʻzlarning har birini qoʻlyozma sifatida oʻzim uchun yozib chiqqanman. Undan tashqari, fors tilining lugʻatini ham xuddi shunday qilganman, deydi u.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.