Salomatlik

Qimmatbaho kremlardan ham samaraliroq: har tong bajarilishi shart bo‘lgan 5 ta foydali odat

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Tong bu shunchaki yangi kunning boshlanishi emas, balki butun tanamizni qayta uyg‘otuvchi “start” tugmasidir. Aynan shu pallada organizmimizdagi barcha hayotiy jarayonlar — ovqat hazm qilishdan tortib gormonal muvozanatgacha qayta ishga tushadi. Agar siz ertalab ko‘zguga boqib, yuzingizda charchoq alomatlarini, teringizning xiralashganini yoki shishlarni ko‘rsangiz, bunga qimmatbaho parvarish vositalarining yo‘qligi emas, balki tonggi odatlaringiz sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Daryo sular haqida yozmoqda.

Bugungi kunda go‘zallik mutaxassislari haqiqiy parvarish turli xil kremlardan emas, balki bizning kundalik xatti-harakatlarimizdan boshlanishini bot-bot ta’kidlashmoqda. Ertalabki odatlarimiz qanchalik tartibli va sog‘lom bo‘lsa, yuz terisining holati ham shunchalik barqaror va go‘zal bo‘ladi. To‘yib uxlash, bir stakan suv ichish, yuzni asta tozalash, jismoniy harakat va tabiiy yorug‘lik kabi tavsiyalar oddiy eshitilishi mumkin, biroq ushbu kichik qadamlar tashqi ko‘rinishingizda kosmetik vositadan ko‘ra sezilarliroq va uzoq muddatli ijobiy o‘zgarish yasaydi.

1. Bir stakan iliq suv

Ha, bunday tavsiyani ko‘p eshitgansiz, ammo bu o‘zgarmas oltin qoidadir. Ertalab uyg‘ongach, suv ichishingiz bilan oshqozon-ichak trakti, limfa tizimi, moddalar almashinuvi va qon aylanishi ham “uyg‘onadi”. Bu jarayonlar terining holatiga bevosita ta’sir qiladi: yuz rangi tiniqlashadi va ertalabki shishlar tezroq qaytadi.

2. Yuz terisini ishqalab yuvmaslik

Tonggi parvarish uchun tarkibida kislotalar va agressiv moddalar bo‘lmagan yumshoq yuvish vositalarini tanlang. Terini kuchli vositalarda tozalashda uning himoya qatlamini shikastlanadi. Yaxshisi, sovuqroq suvdan foydalaning. Bu odat shishlarni kamaytirishga va yuz terisini tetiklashtirishga yordam beradi. Shuningdek, ertalab teriga kislotali skrablar surtish tavsiya etilmaydi.

3. Feysfitnes yoki yuz massaji

Yuz mushaklari ham doimiy e’tiborga muhtojdir. Tun davomida limfa harakati sekinlashadi va yuz terisida suyuqlik to‘planadi. Ayniqsa, yonboshlab uxlashni yoqtirsangiz, bu yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qisqa muddatli feysfitnes yoki uqalash suyuqlik oqimini yaxshilaydi, teri tonusini oshiradi va sog‘lom ko‘rinishni qaytaradi.

Buning uchun Guash toshi, maxsus kosmetik rolik yoki shunchaki qo‘llardan foydalanish kifoya. Asosiysi, harakatlarni massaj chiziqlari bo‘ylab bajarish va terini qattiq tortmaslikdir. Atigi 3–5 daqiqa davom etadigan ushbu odat yuzingiz sezilarli darajada tetiklashishiga ko‘mak beradi.

4. Quyosh nuri va toza havo

Teri nafas oladigan muhim a’zo. Ko‘pincha biz pardalari yopiq, yarim qorong‘i xonada uyg‘onamiz. Bu esa hujayralarda gipoksiya — kislorod yetishmasligini kuchaytiradi, oqibatda yuz rangi xiralashib, sebum (yog‘) ishlab chiqarilishi ortadi.

Uyg‘onishingiz bilan derazalarni oching va xonaga quyosh yorug‘ligi kirishiga qo‘yib bering. Balkonga chiqish yoki hech bo‘lmaganda tabiiy yorug‘lik tushib turgan joyda yuvinish ham yaxshi odat. Yorug‘lik tana ritmlarini ishga tushiradi, uyqu gormoni darajasini pasaytiradi va kayfiyatni ko‘taradi.

5. Hatto uyda o‘tirgan bo‘lsangiz ham SPF’dan foydalanish

Agar quyoshdan himoyalovchi SPF krem faqat yozda yoki ko‘chaga chiqqanda kerak deb o‘ylasangiz, adashasiz. Ultrabinafsha nurlar bulutlar va deraza oynalari orqali ham o‘tib, hujayralarning qarishini tezlashtiradi. Hatto noutbuk yoki smartfon qarshisida o‘tirganingizda ham, teringiz ko‘zga ko‘rinmas nurlanish ta’sirida bo‘ladi. Shuning uchun SPF vositasini kundalik odatga aylantirish uzoq vaqt yosh ko‘rinish garovidir.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.