Islom

Yolg‘onchilik — ulkan gunohdir

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Darhaqiqat, yolg‘onchilik muqaddas dinimizda qattiq qoralanadigan kabira gunohlardan biridir. Odatda yolg‘onchi sifatida tanilgan kishi hech bir jamiyatda qadr topmaydi.

Haqiqatan ham, bor narsaning teskarisini xabar qilish — yolg‘onchilikdir.

Bir kuni sahobalar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan so‘radilar:

— “Ey Allohning Rasuli, mo‘min odam baxil bo‘lishi mumkinmi?”

Payg‘ambarimiz:

— “Ha, bo‘lishi mumkin”, dedilar.

Yana so‘radilar:

— “Ey Allohning Rasuli, musulmon odam qo‘rqoq bo‘lishi mumkinmi?”

Payg‘ambarimiz:

— “Ha, qo‘rqoq ham bo‘ladi”, dedilar.

Shunda sahobalar:

— “Ey Allohning Rasuli, musulmon odam yolg‘onchi bo‘ladimi?” — deb so‘radilar.

Payg‘ambar alayhissalom:

— “Yo‘q”, deb javob berdilar.

Aslida, baxillik bilan qo‘rqoqlikning gunohi bo‘lsa-da, yolg‘onchilikning gunohi ulardan ham og‘irdir.

Alloh taolo Qur’oni karimning Nahl surasi 105-oyatida shunday marhamat qiladi:

“Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydigan kimsalargina to‘qurlar. Ana o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchidirlar”.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

“Mo‘min kishi xiyonat va yolg‘onchilikdan boshqa barcha xislatlarga mubtalo bo‘lishi mumkin”, deganlar.

Ulamolarimiz ushbu hadisi sharifni quyidagicha sharhlaydilar:

“Mo‘min kishida xiyonatkorlik va yolg‘onchilik xususiyatlarining mavjud bo‘lishi uning mo‘minlik tabiatiga xilofdir. Musulmon kishi bunday xulqqa ega bo‘lmasligi lozim. Ammo bu salbiy xususiyatlar inson tabiatida uchrab turadigan illatlar sirasidandir”.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam dedilar:

“Qachonki bir banda yolg‘on gapirsa, farishta uning gapining sassig‘i sababli undan bir mil masofaga uzoqlashadi”.

Alloh taolo Nahl surasining 116-oyatida shunday marhamat qiladi:

“Alloh sha’niga yolg‘on to‘qish uchun tillaringizga kelgan yolg‘onni gapirib: “Bu halol, bu harom”, demanglar. Chunki Alloh sha’niga yolg‘on to‘quvchi kimsalar hech qachon najot topmaslar”.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar:

“Munofiqlikning belgisi uchtadir: yolg‘on so‘zlash, va’dasiga vafo qilmaslik va omonatga xiyonat qilish”.

Alloh nazdida eng yaxshi so‘z — rost so‘zdir.

Yana bir hadisda Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar:

“Gunohlarning eng kattasi Allohga shirk keltirish, nohaq qon to‘kish, ota-onaga oq bo‘lish va yolg‘on guvohlik berishdir”.

Demak, gaplarning eng yomoni — yolg‘ondir. Hatto hazil tariqasida ham, jiddiy holatda ham yolg‘on gapirish joiz emas.

Nasihatimiz shuki, ota-onalar farzandlariga biror narsani va’da qilsalar, albatta uni bajarishga harakat qilsinlar. Chunki bajarilmagan va’da ham yolg‘onning bir ko‘rinishidir.

Rostgo‘ylik ezgulikka boshlaydi, ezgulik esa jannatga eltadi. Yolg‘onchilik esa buzuqlikka boshlaydi, buzuqlik esa jahannamga olib boradi.

Rostgo‘y inson chin so‘zi sababli oxir-oqibat Alloh huzurida siddiq, ya’ni so‘ziga sodiq inson sifatida yoziladi. Yolg‘onchi esa oxir-oqibat Alloh huzurida kazzob, ya’ni yolg‘onchi sifatida yoziladi.

Xulosa qilib aytganda, yolg‘on so‘zlash va yolg‘on guvohlik berish Islom dinida qat’iy qoralanadi. Qur’oni karimda yolg‘on haqida ko‘plab oyatlar nozil qilingan. Yolg‘onning jamiyatga ham, shaxsga ham zarari nihoyatda kattadir. U insonni el orasida sharmanda qiladi, so‘zining qadri va ishonchini yo‘qotadi. Yolg‘on uzoqni yaqin, yaqinni uzoq qilib ko‘rsatadigan sarobdir. Yolg‘on aqlning o‘g‘risi, insonning dinu diyonatini buzadigan eng yomon illatlardan biridir.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.