Mashhurlar
Bobomurod Hamdamov 9 marta Buxorodagi “psix bolnitsa” da yotib chiqqani rostmi? Mashhur san’atkorni u yerga noqonuniy joylashtirishganichi? Bunga Rasul Kusherbayevning nima aloqasi bor?
You Tube dagi Rasul Kusherbayev muallifligidagi “Xo‘p” podkastining 4-oktabr soni yaxshigina shov-shuv bo‘ldi. Chunki, unda bir qarashda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar tilga olinadi, tasavvurga sig‘mas holatlar xususida so‘z ketadi.
Ya’nikim, buxorolik Bobomurod Hamdamov 9 marta noqonuniy ravishda ruhiy-asab kasalxonasiga joylashtirilgan, unga nisbatan go‘yoki soxta hujjatlar asosida noqonuniy sud majlislari o‘tkazilgan, bechoraning bor-yo‘q aybi sobiq qayinakasi bilan achchiq ustida telefonda urishib-so‘kishib qolgani edi, xolos. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati rasmiy xabar bermoqda.
Muloqot jarayonida muallif hamsuhbatining shu mazmundagi gaplaridan “shokka tushganini” yashirmaydi, shuning ta’sirida sog‘liqni saqlash, ichki ishlar tizimlari qatori sud idoralariga ham yaxshigina pisanda va iddaolar qilinadi. Ularning (sudga taalluqli qismiga) oydinlik kiritish zaruriyati borki, aks holda, podkast mehmonining haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘p iddaolariga boshqalar ham laqqa ishonishi mumkin.
Fuqaro Bobomurod Hamdamov o‘ziga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyingina ilgari haqorat qilish va mayda bezorilikda ayblanib, ma’muriy javobgarlikka tortilganini bilganini ochiq iddao qiladi. Rostdan shundaymi?
U 2020-yilning 12-dekabr kuni kechki payt (endilikda sobiq) turmush o‘rtog‘ining ota uyiga kelib, janjal ko‘taradi, xonadon a’zolarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qiladi. Oradan o‘n ikki kun o‘tib, ya’ni 24-dekabr kuni tungi vaqtda uyali telefon va Telegram orqali sobiq qayinakasiga sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi xabarlar jo‘natadi. Buning oqibati uning sud qarori bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazo olishi bilan yakunlanadi (5-yanvar, 2021-yil). Ma’muriy qamoq jazosini o‘tagan odam go‘yoki shunday jazoga tortilganini bilmasligi sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi.
Ko‘rinadiki, B. Hamdamov sobiq qayinakasi bilan telefonda shunchaki tortishib qolgani uchungina oyog‘ini yerga tekkizmay qamab qo‘yilgani yo‘q. Bir emas, ikki marta odob chegarasidan jiddiy chiqqani uchun javobgarlikka tortilgan.
Uning jinoiy javobgarlikka tortilganiga kelsak. Mazkur jarayonda ham g‘ayrioddiylik yo‘q. U ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqanidan uch kun o‘tib, (2022-yilning 7- va 8- fevral kunlari) yana sobiq qayinakasiga qo‘ng‘iroq qilib, haqorat va tahqirlashda davom etadi. Hamdamovning bunday hatti-harakati bu safar ma’muriy emas, balki jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudining hukmi bilan unga Jinoyat kodeksining 140-moddasi 1-qismida (Haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash) nazarda tutilgan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilib, ish haqining 20% ni davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi (17-may, 2022-yil).
Shu o‘rinda birinchi instansiya sudida B. Hamdamov aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, hukmga nisbatan bergan apellyatsiya shikoyatida ham qilmishini inkor qilmagani, jabrlanuvchidan kechirib so‘ragani bildirishi barobarida sodir etgan jinoyati ijtimoiy xavfli xususiyatga ega emasligini inobatga olib, jinoyat ishini tugatishni so‘raganini keltirib o‘tish ortiqchalik qilmaydi (22-iyun, 2021-y). Buxoro viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida hukm o‘zgarishsiz qoldiriladi.
B. Hamdamov o‘ziga nisbatan tayinlangan jazoni doimiy yashash manzili o‘zgargani sababli boshqa viloyatda o‘tashini so‘rab, ichki ishlar organiga murojaat qilgani, shunga qaramay go‘yoki jazoni o‘tash tartib qoidalari buzish va jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlashda ayblanib, (tayinlangan axloq tuzatish jazosi) ozodlikdan mahrum qilishga almashtirilganidan ham yozg‘iradi.
Jinoyat kodeksining 26-moddasiga ko‘ra, sud faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanib hukm chiqaradi. Sud hujjatidan norozi tarafda shikoyat qilish huquqi mavjud. Ayni holatda Hamdamov jazoni almashtirish haqidagi sud ajrimiga (29-sentyabr, 2021-y.) nisbatan shikoyat bermagani ko‘rinadi. Oradan 4 oy o‘tib, jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining ajrimi (1-fevral, 2022-y.) bilan o‘talmagan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan shartli ravishda muddatidan ilgari ozod qilinadi.
Podkastda B. Hamdamov manzil koloniyada jazo o‘tash paytida oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgani uning tuzalish yo‘liga kirganidan darak sifatida alohida ta’kid etiladi. Bir qarashda shunday. Biroq shartli ravishda muddatidan ilgari jazodan ozod qilinganiga qaramay sobiq qayinakasi bilan yana adovatga berilib, uyali aloqa vositasi orqali haqorat qilishda davom etavergani, gap orasida sobiq turmush o‘rtog‘ining ham sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlashni bas qilmagani uning “tuzalish yo‘liga kirgani” ni katta savol ostiga qo‘yadi. Ta’qib va haqoratlar surunkali tus olgach, sobiq qayinaka yana tegishli organga murojaat qilishi natijasi B. Hamdamov ikkinchi marta jinoiy jazoga tortiladi: bu safar nafaqat haqorat, balki tuhmat qilishda ham ayblanib, 1 yil-u 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi (24-mart, 2023-y).
Keyin-chi?
Oradan 6 oy o‘tib (20-oktabr, 2023-y), B. Hamdamovga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismi yana axloq tuzatish jazosiga almashtiriladi. Shunga qaramay u mavjud tartib qoidalarini buzgani uchun axloq tuzatish jazosi yana ozodlikdan mahrum qilishga almashtiriladi, bundan norozi bo‘lgan B. Hamdamovning shikoyati Buxoro viloyat sudida ko‘rilib, qanoatlantirilmaydi (2024-yil, 30-iyul).
Eslatish o‘rinli: sud hujjatlari, tayinlangan jazolar birma-bir keltirilayotgani ularning qonuniy va asosligi bo‘yicha Kengash xulosasi sifatida talqin qilinmasligi kerak. Sud hujjatlari axborot tariqasida keltirilmoqda, maqsad voqea va holatlar bo‘yicha jamoatchilik kengroq tasavvurga ega bo‘lishidir, xulosa esa har kimning o‘ziga tan.
Qo‘shimcha shuki, sudlarda B. Hamdamovni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risida ishlar ko‘rilmagan. Unga nisbatan dastlabki tergov jarayonida ambulator sudga oid ruhiy ekspertiza o‘tkazilib, mutaxassis xulosasi olgani bor gap. Uning noqonuniy ravishda ruhiy-asab shifoxonasida muayyan vaqt saqlanganiga doir vajlariga esa surishtiruv yo‘li bilan uzil-kesil aniqlik kiritilishi mumkin.
Podkastda B. Hamdamovning goh ma’muriy, goh jinoiy javobgarlikka tortilishida sobiq qayinakasining sud idorasida ishlaganining ta’siri bo‘lishi mumkin, degan xulosa ham kelib chiqadi. Sobiq qayinaka fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudida sudya yordamchisi sifatida ishlagani rost. Biroq u 2021-yilning iyun oyida, ya’ni sobiq kuyovi bilan mojarolar gazak olib ketishidan ancha avval o‘z xohishiga ko‘ra tizimdan ketgani inobatga olinsa, yuqoridagi tasavvur ancha mo‘rt ekani oydinlashadi.
Podkastda B. Hamdamov nisbatan 2022-yil 23-mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudida ko‘rib chiqilgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish shubha ostiga olinadi. Aytiladiki, bu vaqtda huquqbuzar ruhiy-asab shifoxonasida bo‘lgan, ish uning ishtiroksiz o‘tkazilgani o‘z yo‘liga, biroq sud qarorida go‘yoki unga “telefonogramma orqali sudga kelishi tushuntirilgani” yozilgan, tashqaridan mutlaqo uzilgan odamga bunday shakldagi xabarni qanday yetkazish mumkin o‘zi?
Darhaqiqat, savolda mantiq bor. Mazkur holatga xizmat tekshiruvi yo‘li bilan aniqlik kiritilishi mumkin. Shundan kelib chiqib, Kengash tomonidan Buxoro viloyat sudlari sudyalari malaka hay’atiga xizmat tekshiruvi yo‘li bilan ayni shu holatga oydinlik kiritish tavsiya qilindi.
Sobiq kuyov va qayinaka o‘rtasida nima bo‘lgan o‘zi?
Ko‘pchilikning tili uchida turgan ushbu savolga izoh berish biroz noqulay, negaki, shaxsiy-oilaviy masala tor doirada gapiriladi, muhokama qilinadi. Biroq izoh bermaslikning ham iloj yo‘q, aks holda, yuzaga kelgan mavhumlik yana turli shubha-gumonlarga sabab bo‘lishi ehtimoli mavjud.
Barcha sud hujjatlaridan B. Hamdamovning oilasi notinch bo‘lgani, er-xotin (ularning 1 nafar farzandi bor) o‘rtasida ko‘p janjallar bo‘lib kelgani, hatto ayoliga bir necha bor qo‘l ko‘targani, qayinakaning ularni murosaga keltirishga uringanidan naf chiqmaganini oson ilg‘ash mumkin. Ayolning bolasini olib ota hovlisiga ketib qolgani, Hamdamovning farzandini ko‘rishga kelgani ortidan ikki o‘rtada kelib chiqqan tushunmovchilik janjalga, janjallar esa surunkali haqorat va tahqirlashga aylanib, bir oila barbod bo‘lishidan tashqari shu-uncha g‘avg‘olarga ham olib kelgan, qisqasi. Albatta, uning sobiq ayoliga bir necha bor qo‘l ko‘targaniga jabrlanuvchining ko‘rsatmalaridan boshqa xolis guvoh yo‘q. O‘zini jabrdiyda sifatida ko‘rsatgan Kusherbayevning mehmoni otasiga qo‘l ko‘tarib, tan jarohati yetkazgani ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tortilgani, sudda esa ish yarashuv bilan yakunlanganiga doir sud hujjati mavjud. Otaga ko‘tarilgan qo‘l ayoliga ham ko‘tarilishiga shubha kam bo‘lsa kerak.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi