Mashhurlar
“Ahad Qayumnikidek film olib keling, deyishdi”. Muhammadiso Abdulhairov ijodiy rejalari, Instagram va armon bo‘lgan roli haqida
Mahoratli aktyor, nafaqat komik, balki dramatik rollari bilan ham tanilgan ijodkor Muhammadiso Abdulhairov “Shirin suhan” loyihasi uchun intervyu berdi. Aktyor sotqinlik sababli Amir Temur rolini ijro etolmagani, g‘oyasi kuchli filmini rad etishgani va Instagram tarmog‘ini iflos joyga o‘xshatishi haqida gapirdi. Daryo shular haqida yozmoqda.
“Hozir ancha bosilganman”
— Yoshim 55 ga yetdi. Avvallari “portlab”, energiyaga to‘lib, har xil qiliqlar qilib yurardim. Hozir ancha bosilganman. Hayotning o‘zi bosib qo‘yarkan-da. Lekin yosh nisbiy. Uyda nabiralarimga qo‘shilib, go‘yo ularni o‘ynatayotgandek bo‘lib “aaa, uu” degan ovozlar chiqarib qo‘yaman. Ayolim “Uf, yoshingizga yarasha ish qilsangiz-chi” deb urishib beradi, deydi Muhammadiso Abdulhairov.
“Ayollarni bepusht qilib qo‘yadigan jarroh haqida film olmoqchiman — buning sababi bor”

— Hozir tirik chaqaloqlarni sellofan paketga o‘rab, axlatga tashlab ketishyapti. Xuddi keraksiz buyumdek. Men hatto o‘lib qolgan qushimni ham tashlab yuborolmayman — tirik jon bo‘lgan-ku deb erinmay ko‘mib qo‘yaman. Endi odam bolasini tasavvur qiling. Shu og‘riqdan bir film g‘oyasi tug‘ildi.
Qishda, sovuqda axlat yoniga tashlab ketilgan chaqaloq. U tirik qoladi. Voqealar O‘zbekistonda kechadi. Yillar o‘tib, o‘sha bola juda kuchli, iqtidorli jarroh bo‘lib yetishadi. Tashqi tomondan chiroyli, aqlli, o‘ziga qarab yuradigan, faqat 4-5 nafar bemorni qabul qiladigan, konsultatsiya berib ketadigan yuqori darajadagi shifokor. Lekin uning ichida katta bo‘shliq bor. Bizda ona degan tushuncha muqaddas. Ona — buyuk zot. Ammo bu yigit uchun hammasi teskarisi. Uning ichida onalarga nisbatan nafrat, ichki “shayton” yashaydi. U onalarga va tug‘ilishga qarshi shaxsga aylanadi. U doktorlar, ginekologlar bilan til biriktirib, qabuliga kelgan ayollarni o‘zlari bilmagan holda farzandli bo‘lolmaydigan qilib qo‘yadi. Yillar davomida 500–1000 nafar ayolga zarar yetkazadi. Kimlarnidir o‘ldirib yuboradi.
Oxirida juda katta sud jarayoni bo‘ladi, zal to‘la odam — o‘sha ayollar, ularning yaqinlari. Unga so‘nggi so‘z berilganida ichidagi qalb qichqirig‘i otilib chiqadi. Bu aslida o‘sha tashlab ketilgan chaqaloqning qisqa monologi bo‘ladi: “Qish fasli edi. Men titrardim. Oldimga koptokcha yumalab keldi. Sen esa meni emas, o‘sha koptokchani olib ketding. Sen qayerda eding o‘shanda? Sen… sen… sen…” U zalda o‘tirganlarga qarab baqiradi. Bu nafaqat bir onaga, balki butun jamiyatga qaratilgan savol bo‘ladi.
Bu monolog ustida 4-5 oy bosh qotirdim. Hozircha filmning ishchi nomi — “Mister X”, deydi Muhammadiso Abdulhairov yangi g‘oyasi haqida.
“Ahad Qayumnikidek kino olib keling deyishdi”
— G‘oyani kinoni yaxshi tushunadigan odamga olib bordim. Monitorida Ahad Qayumning filmlari aylanib turgandi. O‘sha odam menga qarab “Mana shunaqa kino olib keling. Nima qilasiz bunday og‘ir filmlarni?” dedi. Demak, foydasi yo‘q ekan-da, dedim. Ularga yaxshi mavzu kerak emas, “prosmotr”, obunachi degan narsalarga sho‘ng‘ib ketishgan.
Filmlardagi bir xillikdan charchaganman. Hamma filmda ota o‘g‘liga faqat bir xil gap gapiradi. “Uylanishing kerak”, “Yoshing 30 ga yaqinlashdi”, “Teng tengi bilan, tezak qopi bilan” — shablon jumlalar. Bular yana qancha takrorlanadi? Hamma qo‘l ura oladigan, yengil hazm bo‘ladigan mavzular. Men esa shulardan qochmoqchiman. Bu film oson mavzuda emas. Hamma ham qo‘l ura olmaydi, lekin yaxshi chiqadi, deb o‘ylayman. Shu g‘oyamni amalga oshirish xohishim juda katta, deydi aktyor ranjiganini bildirib.
“Instagram iflosroq joyga o‘xshaydi”

— Instagram’dagi ijodimga haligacha ich-ichimdan qarshiman. Noshukurlik bo‘lmasin, albatta, u ham tirikchiligimga xizmat qilyapti. Lekin boshida Instagram menga katta bir olamdek tuyulgandi. Vaqt o‘tib esa u kichrayib, bachkanalikka to‘lib ketgandek bo‘ldi. Shu sababli ham ko‘p hollarda Instagram’ga kirgim kelmaydi. O‘sha muhitda o‘zimni ko‘rishni xohlamayman.
Balki bu o‘yim noto‘g‘ridir. Lekin juda qo‘pol qilib aytsam, men Instagram’ni iflosroq joyga o‘xshataman. To‘g‘ri, u yerda aqlli, sifatli kontent ham bor, lekin 10 foiz. Qolgan 90 foizi esa haligidek.
Instagram’da rep aytib chiqishim ham ko‘pincha administratorlarning iltimosi bilan. O‘n marta so‘rashgandan keyin zo‘rg‘a yozib beraman. E’tibor bergan bo‘lsangiz, o‘sha replarni ham yurakdan, zavq bilan aytmaganman. Tez, sovuq, shunchaki bajarish uchun aytib tashlayman, deydi aktyor.
“Teatr yoki kinoni tanla”

— Meni ko‘pchilik komik aktyor sifatida taniydi. To‘g‘ri, ijodimning 70 foizi komedik filmlar. Ammo ko‘pchilik bilmaydi, men kinoga drama yo‘nalishi bilan kirib kelganman. 1994-yilda “Amir Temur” filmi loyihasi ochildi. Bosh qahramon uchun kastingga meni ham taklif qilishdi. Sababi loyiha asoschisi Ali Hamroyev “Ilhom” teatrida “Baxtli gadolar” spektaklidagi podshoh rolimni ko‘rib, “Shu yigitni ham chaqirib ko‘rsak-chi”, degan ekan.
U paytlar eshikni bir ochib-yopadigan rol bo‘lsa ham, do‘ppimizni osmonga otardik. Shunday davr. Xullas, 10–15 nafar aktyor ichidan taqdir taqozosi bilan Amir Temur roliga meni tasdiqlashdi. Ammo o‘sha paytda men “Ilhom” teatrining bosh aktyorlaridan biri edim. “Baxtli gadolar” spektakli bilan Germaniyaga gastrol rejalashtirilgan edi. Kino suratga olish jarayoni ham xuddi shu vaqtga to‘g‘ri kelib qoldi. Qaysi yo‘lni tanlashni bilmay qoldim.
Teatr rejissyori, bizni “aktyor qilib tug‘gan” otamiz Mark Vaylning oldiga borib “Germaniyaga bormasam bo‘ladimi? Meni Amir Temur roliga tasdiqlashdi. O‘rnimga boshqa aktyor topib beraman, gastrolga borib beradi”, dedim. Rejissyor shok holatiga tushib qolib, “Teatr yoki kinoni tanla” deb qisqa javob berdi. Rosti, bunaqa keskin javobni kutmagandim.
O‘sha paytda ancha qarzim bor edi. Pul kinoda berilardi. Nafaqat pul, balki orzudagi rol, shon-shuhrat, e’tirof — hammasi bor edi. Oxiri teatrdan bo‘shab, kinoni tanladim. Lekin men rol o‘ynamasligimni bilgan nemis tomoni “O‘sha aktyor qani?” degan. Boshqa aktyor o‘ynaydi deyishgach, ular rozi bo‘lmagan va gastrol bekor qilingan. Bu “Ilhom” teatri uchun juda katta zarba bo‘lgan, deydi Muhammadiso Abdulhairov.
“Qamalib chiqqan deya, rolimdan mahrum qilishgan”

— Xorazmda suratga olish ishlari 3–4 kun davom etdi va to‘satdan to‘xtadi. “Dekoratsiyalarni tayyorlashayotgandir”, deb o‘yladim. O‘zimcha Amir Temurga aylanib, soqol o‘stirib, qoshlarimni terib, matnlarni yodlab yuribman. Bir kuni rejissyor Isamat Ergashev yonimga kelib, “Muhammadiso, sen qamalib chiqqanmisan?” deb so‘radi. Qo‘lidagi xatni ko‘rsatdi. “Mana bu xatda ‘Bu odamni roldan tezda olib tashlash kerak’, deb ‘Ilhom’ teatridagi hamkasblaring yozishibdi. Bu xatdan uchta — bittasini ‘apparat’ga, bittasini vazirlikka, bittasini mana bizga yuborishdi”, dedi. Shu tariqa meni roldan olib tashlashdi.
San’atdagi birinchi nokautimni o‘shanda olganman. O‘zimni “ishlatilgan gubka”dek his qildim. Shundan keyin ichkilikka berilib ketdim. Keyinchalik Amir Temur roliga Behzod Muhammadkarimov tasdiqlangan, deydi aktyor xotiralarini eslab.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


