Islom
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kelajakda ummatimda o‘ttizta kazzob bo‘lur. Ularning har biri o‘zining nabiyligini da’vo qilur. Holbuki, men nabiylarning xotimi — tugatuvchisiman”
Bugun biz faqat nafrat, adovat va hatto musulmonlar o‘rtasida ham kazzoblik bilan bir-birini aldab, to‘g‘ri yo‘ldan ozdirayotganlarni ko‘ryapmiz. Vaholanki, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ham yaxshi ko‘rmaguncha (komil) mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar (Buxoriy va Muslim rivoyati). Biz esa nima qilyapmiz? Birimiz ikkinchimizni zalolatga boshlayapmiz. To‘g‘ri yo‘l turib, boshqasidan ketsa ham parvo qilmayapmiz.
Biz bugun muhabbat madrasasiga mansub bo‘lishga, uning darsgohlarida ta’lim olishga qanchalar muhtojmiz! Bugun boshimizga kelayotgan balolar shularning ortidan emasmikin?! Kazzoblar haddan oshib ko‘payib ketdi, biz parvo qilmabmiz, hatto payg‘ambarlikni da’vo qilmoqda. Biz esa ularga yordamchi bo‘lib, butun dunyoga yoymoqdamiz. Vaholanki, payg‘ambar insonlik darajasining eng yuksak cho‘qqisidir. Hech kim payg‘ambarlik maqomiga o‘z zakosi, bilimi va o‘z g‘ayrati bilan erisholmaydi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Men Al-Oqibman”, deganlar. Al-Oqib — ortdan keluvchi, undan keyin nabiy kelmaydigan zotdir (Buxoriy va Muslim rivoyati).
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قال: أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “مَثَلِى وَمَثَلُ الأَنْبِيَاءِ مِنْ قَبْلِى كَمَثَلِ رَجُلٍ بَنَى بُنْيَانًا فَأَحْسَنَهُ وَأَجْمَلَهُ إِلاَّ مَوْضِعَ لَبِنَةٍ مِنْ زَاوِيَةٍ مِنْ زَوَايَاهُ فَجَعَلَ النَّاسُ يَطُوفُونَ بِهِ وَيَعْجَبُونَ لَهُ وَيَقُولُونَ: هَلاَّ وُضِعَتْ هَذِهِ اللَّبِنَةُ؟!” قَالَ: “فَأَنَا اللَّبِنَةُ وَأَنَا خَاتَمُ النَّبِيِّينَ”.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh alayhissalom aytdilar: “O‘tmish anbiyolar bilan mening misolim bunday: bir kishi chiroyli va go‘zal bino qurdi-da, burchaklarning birida bir g‘isht joyini bo‘sh qoldirdi. Odamlar bu go‘zal binoni ziyorat qiladi, tomosha qilaturib, ajablangan holda: “Bu bo‘sh joyga ham g‘isht qo‘yilmaydimi?!” deydi. Ana shu g‘isht menman va men payg‘ambarlarning yakunlovchisiman” (Muttafaqun alayh).
Ushbu hadisi sharifdan ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambarimiz alayhissalomdan keyin hech qanday payg‘ambar chiqishi mumkin emas. Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratib, yer yuzida yashaydigan O‘zining xalifasi qilgandan keyin uning bolalariga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib turish uchun ta’limotlar ham yuborishni va bularni odamlarga yetkazish, hayotga tatbiq qilib ko‘rsatish uchun ularning ichidan payg‘ambarlar tanlab olishni iroda qildi. Ana o‘sha payg‘ambarlarning birinchisi Allohning irodasi bilan Odam alayhissalom bo‘ldi. Keyin esa birin-ketin boshqa payg‘ambarlar kela boshladi. Payg‘ambarlar silsilasining oxirgi halqasi Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘ldilar. Alloh taolo O‘z bandalariga yuborgan payg‘ambarlarining xotimalovchisi ekanlarini ta’kidlamoqda. Binoga oxirgi g‘isht terilgandan keyin qurilish bitadi. Undan keyin g‘isht terilmaydi.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Toki mening ummatimdan ba’zi qabilalar mushriklarga qo‘shilmaguncha va butlarga ibodat qilmagunlaricha qiyomat qoim bo‘lmas. Kelajakda ummatimda o‘ttizta kazzob bo‘lur. Ularning har biri o‘zining nabiyligini da’vo qilur. Holbuki, men nabiylarning xotimi — tugatuvchisiman. Mendan keyin nabiy kelmas”, dedilar” (Termiziy va Abu Dovud rivoyati).
Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadilarki, kazzoblar yigirma yettita bo‘lishi va ulardan to‘rttasi ayol bo‘ladi. Hatto Payg‘ambar alayhissalomning hayotlik davrlarida uchtasi chiqqan: Musaylimatul Kazzob, al-Anasiy va Ibn Sayyodlar. Ammo Payg‘ambar alayhissalomdan keyin ham payg‘ambarlik da’vosini qilganlar chiqqan. Mazkur kazzoblar ichida Muxtor as-Saqafiy, G‘ulom Ahmad Qodiyoniy, Bahoulloh va bugungi kunga qadar chiqayotganlari bor. Alloh panoh bersin. Bu kazzoblarni tarqatishdan ehtiyot bo‘laylik.
Bugun ijtimoiy tarmoq bamisoli tubsiz dengizdir. U qanchadan-qancha insonlarning axloqini buzib, aqllarini o‘g‘irlagan. Internetda go‘yoki asalari kabi bo‘lib, avval o‘ziga, keyin o‘zgalarga foyda keltirish uchun manfaatli va ishonchli ma’lumotlarni tarqatmoq lozim. Pashsha kabi gulga ham, go‘ngga ham qo‘nib, kasalliklarni tarqatishdan ehtiyot bo‘lmoq kerak. Din haqida bir so‘z tarqatishdan oldin: “Bu Allohni rozi qiladimi yoki yo‘qmi?” deb o‘ylash lozim. Biz yozayotgan so‘zlarni farishtalar ham yozadi. Alloh barchani kuzatib, hisob-kitob qilib turadi. Kim bo‘lishimizdan qat’i nazar — bloger yoki internetdan faol foydalanuvchimi — din masalasidagi har qanday noodatiy holatni ommaga ko‘rsatish hamisha ham to‘g‘ri bo‘lavermasligini ta’kidlamoqchimiz. Chunki bu odamlarning e’tiqodi bilan bog‘liq masala hisoblanadi.
Shu o‘rinda yana bir muhim masala bor. Yuqoridagi kabi tasvirlarning keng tarqalishiga hissa qo‘shayotganlar yaxshi anglab olsinlar: har bir voqeani ommaga ko‘rsatish hamisha ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Insonning o‘zida ham farosat bo‘lishi lozim. Qur’oni Karim va hadisi shariflarda oxirgi payg‘ambar Muhammad alayhissalom ekani va u kishidan keyin kim payg‘ambarlik yoki rasullikni da’vo qilsa, yolg‘onchi ekani aniq aytib qo‘yilgan. Bugun buni tarqatayotganlar o‘zlari bilmagan holda mo‘min-musulmonlarga zarar yetkazmoqda. Albatta, islom bilan yashamoq — din uchun xizmatdir. Musulmon odam o‘z manfaatinigina o‘ylamaydi, balki boshqalarning ham g‘amini yeydi.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


