Jahon

Rasman: Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz qolish muddatini qisqartirmoqda

pic
Foto: Tinkoffjournal.ru

Loading

Tailand hukumati 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun amal qilayotgan 60 kunlik vizasiz tartibni bekor qilishni ma’qulladi. O‘zgarishlar O‘zbekiston fuqarolariga ham taalluqli bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat avvalgi tartibga qaytmoqda va endilikda xorijliklar Tailand hududida vizasiz taxminan 30 kungacha qolishi mumkin bo‘ladi. Ayrim davlatlar fuqarolari uchun esa bu muddat 15 kun etib belgilanishi mumkin.

The Guardian xabariga ko‘ra, yangi tartib chet el fuqarolari ishtirokidagi jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida joriy etilmoqda. So‘nggi vaqtlarda mamlakatda giyohvandlik vositalari kontrabandasi, odam savdosi hamda noqonuniy biznes bilan bog‘liq holatlar ko‘paygani qayd etilgan.

Surasak Phancharoenvorakulning aytishicha, 60 kunlik muddat avval avtomatik tarzda berilgan bo‘lsa, endilikda uzoqroq qolish istagidagi sayyohlar immigratsiya idorasiga murojaat qilishi kerak bo‘ladi. Vizani uzaytirish masalasi esa alohida ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, Sihasak Phuangketkeov bu qaror transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashning bir qismi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tailand ma’lum bir davlat fuqarolarini emas, balki vizasiz tizimdan noqonuniy foydalanayotgan shaxslarni nishonga olmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Tailandda vizasiz qolish muddati ilgari ham 30 kun bilan cheklangan edi. 2024-yil iyul oyida esa turizm va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu muddat 60 kungacha uzaytirilgandi.

Turizm Tailand iqtisodiyotining asosiy sohalaridan biri hisoblanadi. U mamlakat yalpi ichki mahsulotining 10 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Shunga qaramay, xorijiy sayyohlar oqimi hali ham pandemiyadan oldingi darajaga to‘liq qaytmagan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida Tailandga tashrif buyurgan xorijliklar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,4 foizga kamaygan. Ayrim hududlardan keluvchi sayyohlar oqimi esa keskin qisqargan.

Shu bilan birga, Tailand o‘zbekistonliklar orasida eng ommabop sayyohlik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2026-yilning dastlabki uch oyida ham ushbu davlat o‘zbekistonliklar eng ko‘p tashrif buyurgan mamlakatlar qatoridan joy olgan edi.

Mutaxassislarning fikricha, yangi tartib uzoq muddatli sayohatni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun qo‘shimcha hujjatlar va ruxsatnomalar zaruratini yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois sayohat oldidan vizaga oid yangilangan qoidalarni oldindan tekshirib chiqish tavsiya etilmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.