Buxoro yangiliklari

Buxoroda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” yangradi: Botir Zaripov va Baxtiyor Adilov o‘zlari tahsil olgan maktablarda bitiruvchilar bilan uchrashdi

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (Arxiv)

Loading

25-may kuni Buxoro viloyatidagi barcha umumta’lim maktablarida “Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazildi. Quvonch, hayajon va ezgu tilaklarga boy bo‘lgan tadbirlarda minglab bitiruvchilar, ota-onalar, ustozlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov ham o‘zi tahsil olgan G‘ijduvon tumanidagi 49-son umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida qatnashdi. U Prezidentning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirib, yoshlarni mustaqil hayot sari dadil qadam tashlashga, bilim va salohiyatini Yangi O‘zbekiston ravnaqiga safarbar etishga chorladi. Tadbir davomida a’lo baholarda o‘qigan o‘quvchilar va ularning ota-onalari taqdirlandi. Shuningdek, viloyat hokimi maktabda tashkil etilayotgan sun’iy intellektga ixtisoslashtirilgan sinf xonasi uchun zamonaviy jihozlar hamda kutubxona uchun kitoblar jamlanmasini taqdim etdi.

pic02

Buxoro shahridagi 45 ta umumta’lim maktabida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Viloyat hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Adilov o‘zi tahsil olgan Buxoro shahridagi 4-son umumta’lim maktabida bo‘lib, bitiruvchilar bilan uchrashdi. Tadbirda Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov ham ishtirok etdi.

Tantanali marosim O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat maktablari bitiruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.

image

So‘zga chiqqanlar bugungi kunda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, zamonaviy ta’lim sharoitlari va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib, bitiruvchilarni o‘z bilim va salohiyatini yurt ravnaqi yo‘lida safarbar etishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilda Buxoro shahridagi umumta’lim maktablarini 3705 nafar o‘quvchi tamomlamoqda. Ularning 302 nafari muddatidan oldin talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, 86 nafar bitiruvchi oltin medal, 33 nafari esa kumush medal bilan maktabni yakunlamoqda.

Xususan, 4-son umumta’lim maktabining 88 nafar bitiruvchisidan 10 nafari allaqachon talabalik baxtiga erishgan bo‘lsa, ularning 4 nafari xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan.

Tadbir davomida bitiruvchilar ham so‘zga chiqib, ularga ta’lim-tarbiya bergan ustozlari va ota-onalariga minnatdorlik bildirib, ularning ishonchini oqlashga va’da berdi.

Shuningdek, maktab jamoasi bilan uchrashuv davomida ta’lim muassasasida uzoq yillar fidokorona mehnat qilib kelayotgan texnik xodimlar va oshxona xodimlari mehnati ham e’tirof etildi. Bir guruh farrosh va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir yakunida ta’lim tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan pedagoglar Buxoro shahar hokimligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.

Bayram davomida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan she’rlar, kuy-qo‘shiqlar va badiiy chiqishlar namoyish etildi. Maktab hovlisida yangragan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari esa bitiruvchilar uchun mustaqil hayot sari yangi bosqich boshlanganini anglatdi.

Mutasaddilar barcha bitiruvchilarga kelgusi hayot yo‘lida omad, zafar va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, ustozlarning sharafli mehnatini alohida e’tirof etdi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.