Islom

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni “kofir bo‘ldi” degan “xavorijlar” haqida eshitganmisiz?

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Hazrati Ali roziyallohu anhuning askarlari ichidan “xavorijlar” nomli alohida guruh ajralib chiqdi. Aslida “xavorij” so‘zi “xuruj”, ya’ni “qarshi chiqish” so‘zidan olingan bo‘lib, ular Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular: “Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu hakamlik ishini qabul qilgani uchun kofir bo‘ldi”, deb fatvo chiqardilar. Ularga Hazrati Alining hakamlikni qabul qilganlari yoqmagan edi. Aslida esa xavorijlarning o‘zlari Hazrati Ali roziyallohu anhuni hakamlikni qabul qilishga majburlashgan, keyin esa Muoviyaga qarshi urushni davom ettirishni talab qila boshlagan edilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu ularning bu talabini qabul qilmadilar.

Hazrati Ali roziyallohu anhu hakamlik ishlarida xiyonat bo‘lganini e’lon qilib, katta lashkar bilan Shom tomon yo‘l oldilar. Ammo yo‘lda ketayotgan paytlarida orqadan juda tashvishli xabar yetib keldi. Xavorijlar vaziyatdan foydalanib, katta fasod ishlarni boshlagan edilar. Ular Alloh harom qilgan amallarni o‘zlariga halol sanab, begunoh musulmonlarning qonini to‘kish va yo‘lto‘sarlik qilishga kirishdilar. Ular o‘ldirgan kishilar orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan Abdulloh ibn Xabbob roziyallohu anhu hamda u kishining homilador ayoli ham bor edi.

Shundan so‘ng Hazrati Ali roziyallohu anhu ortga qaytishga majbur bo‘ldilar. U kishi borib, xavorijlarga nasihat qildilar va ogohlantirdilar. Ammo bu nasihatlar ularga ta’sir qilmadi. Xavorijlar sulhni istamay, bir-birlarini jangga tayyorlanishga unday boshladilar. Urushni birinchi bo‘lib xavorijlar boshladilar. Jangda ularning deyarli barchasi halok bo‘ldi. Hazrati Ali karramallohu vajhahuning lashkaridan esa atigi yetti kishi shahid bo‘ldi. Juda oz sonli xavorijlargina qochib qutulishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu voqeaning oqibatlari juda xatarli bo‘ldi. Omon qolgan xavorijlar turli tomonlarga tarqalib ketdilar: ayrimlari Ummonga, ayrimlari Kirmonga, boshqalari Sijiston, Arabiston yarimoroli va Yamanga qochib bordilar. Ular borgan joylarida o‘z jamoalarini tuza boshladilar.

Xavorijlar, avval aytilganidek, Hazrati Ali roziyallohu anhuni Siffin jangida urushni to‘xtatib, Qur’oni Karim hukmiga murojaat qilishga majburlagan, keyin esa hakamlikni inkor qilib, Haruro degan joyda to‘planib, Hazrati Ali roziyallohu anhuga qarshi chiqqan kishilar edi.

“Xavorij” so‘zining ma’nosi “qarshi chiquvchilar” deganidir. Ular yer yuzida ko‘plab fisqu fasod ishlarni amalga oshirdilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu Nahravon jangida xavorijlarni yengganlaridan keyin, ulardan ayrimlari Hazrati Alining lashkariga qo‘shilib oldilar va keyinchalik ulardan biri imkon topib, u kishini shahid qildi.

Muoviya ibn Abu Sufyon davrida ham xavorijlar Ko‘fa va Basrada bir necha bor qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Hazrati Muoviya ularga qarshi kurash olib borib, ularni bostirdi. Basra voliysi Ziyod ibn Abiyhi va uning o‘g‘li Ubaydulloh xavorijlarga qarshi juda qat’iy kurash olib borar, ularga sira yon bermas edilar.

Xavorijlar asosan sahroda yashovchi qo‘pol, dag‘al va shafqatsiz kishilar bo‘lgan. Ular odamlarni faqat ikki toifaga — mo‘min yoki kofirga ajratishar, o‘z fikriga qo‘shilganlarni mo‘min, qarshi chiqqanlarni esa kofir deb hisoblashardi. Hatto Usmon, Ali va Muoviya roziyallohu anhumlarni ham kofirga chiqarishgan edi. O‘z jamoalariga qo‘shilmaganlarga qarshi urush qilishni va ularning qonini to‘kishni halol deb bilishardi.

Xavorijlar tarix davomida ko‘plab balo-ofatlarga sabab bo‘ldilar. Umaviylar davlati davrida ayrim paytlarda ma’lum g‘alabalarga ham erishganlar. Ularning turli firqalari bo‘lib, ular azraqiylar, najadotlar, iboziylar, ajoridalar va safariyalar kabi nomlar bilan atalgan.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.