Hodisalar

Buxoroda Telegram orqali aldangan buxgalter firibgarlarga 1 milliard so‘mdan ortiq pul o‘tkazib yubordi

pic
Foto: IIV

Loading

Buxoroda buxgalter bo‘lib ishlovchi ayol Telegram orqali o‘zini Markaziy bank xodimi deb tanishtirgan firibgarlarning tuzog‘iga tushib, 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘idan ayrildi. Kiberjinoyatchilar pullarni bir nechta “drop-karta”lar orqali aylantirib, mablag‘ning bir qismini kriptovalutaga ham o‘tkazgan.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 2025-yil dekabr oyida sodir bo‘lgan. Jinoyat tafsilotlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan 10-may kuni ochiqlangan.

Firibgarlar jabrlanuvchi bilan Telegram orqali bog‘lanib, o‘zlarini Markaziy bankning mas’ul xodimlari sifatida tanishtirgan. Ular ayolga tijorat banklari xodimlari uning omonatlarini o‘g‘irlashga urinayotganini aytib, pullarni “xavfsiz hisob raqamlari”ga o‘tkazish kerakligini bildirgan.

Natijada ayol to‘rtta turli bankdagi jami 1 milliard 9 million so‘m mablag‘ini firibgarlar ko‘rsatgan bank kartalariga o‘tkazib yuborgan. Oradan bir necha kun o‘tib aldanganini anglagach, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.

Tergov davomida aniqlanishicha, jinoyatchilar mablag‘larni bir nechta hududlarda ochilgan drop-kartalar orqali aylantirgan. Ushbu kartalar Toshkent, Xorazm, Andijon va boshqa viloyatlardagi fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lgan.

Holatning e’tiborli jihati shundaki, sxemada talabalar va voyaga yetmaganlar ham qatnashgan. Ayrim yoshlar o‘z nomiga ochilgan bank kartalarini 100 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ evaziga boshqa shaxslarga sotib yuborgan.

Keyinchalik pullar turli bankomatlar orqali naqdlashtirilgan, ayrim mablag‘lar esa kriptovalutaga aylantirilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoyatchilar pul izini yo‘qotish uchun murakkab va ko‘p bosqichli sxemadan foydalanganini qayd etdi.

pic02

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi kiberjinoyatlarga qarshi kurash xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jinoiy guruhning ikki nafar asosiy tashkilotchisi qo‘lga olingan.

Gumonlanuvchilarning avtomashinalari ko‘zdan kechirilganda o‘nlab mobil telefonlar, SIM-kartalar, bank plastik kartalari hamda 100 million so‘mdan ortiq naqd pul ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, talon-toroj qilingan 1 milliard 9 million so‘m mablag‘ to‘liq undirilib, jabrlanuvchiga qaytarilgan.

Mutaxassislar fuqarolarni noma’lum shaxslarga ishonmaslikka, bank kartalari va shaxsiy ma’lumotlarini begonalarga bermaslikka chaqirmoqda. Ta’kidlanishicha, bank yoki davlat tashkilotlari hech qachon messenjerlar orqali fuqarolardan pulni boshqa hisobga o‘tkazishni talab qilmaydi.

Kiberxavfsizlik mutaxassislari ayniqsa Telegram, WhatsApp va boshqa messenjerlarda tarqalayotgan soxta qo‘ng‘iroqlar hamda havolalarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lish zarurligini eslatmoqda. Chunki bunday firibgarlik usullari so‘nggi paytlarda tobora ko‘payib bormoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.