Mashhurlar

“Nonga zor kunlarimiz bo‘lgan”. 18 yil taqiqda bo‘lgan Feruza Jumaniyozova haqida

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

“Yalla habibi”, “Kel, azizim” taronalari bilan muxlislar qalbidan joy olgan xorazmlik san’atkor, shifokorlik kasbidan voz kechgan, 18 yil davomida taqiqda bo‘lgan, sha’niga turli tuhmat-bo‘htonlar yog‘ilgan, bugun esa Yevropada ijod qilish maqsadini qo‘ygan Feruza Jumaniyozovaning hayoti va ijodiy faoliyatiga Daryo nazar soldi.

“Nonga zor kunlarimiz bo‘lgan”

Feruza bolaligida og‘ir kunlarni ham ko‘rgan va onasiga xonanda bo‘lish istagi borligini bildirgan.

— Bolaligimda nonga ham zor bo‘lgan kunimiz bo‘lgan. O‘shanda 8-9-sinflar edim. Onam ishdan kelgunicha chaqaloq ukamga sut berishim va o‘zimizga ovqat qilishim kerak bo‘lar edi. Agar onasi bilan birga bo‘lsa, farzand bir burda non bilan ham baxtli bo‘lar ekan. 9-sinfni bitirib, kollejga kirganimda qo‘shiqchi bo‘laman deganman. Onam esa “san’at juda og‘ir soha, bu yo‘lga kirma” deb qarshi chiqqan. Ammo men baribir qo‘shiqchi bo‘lishga qat’iy qaror qilganman va onamni ko‘ndira olganman, deydi xonanda.

“18 yoshimda uch xonali uy sotib olganman”

Feruzaning san’atga kirib kelishi juda erta boshlangan, xonanda 16 yoshida to‘ylarda kuylay boshlagan. O‘sha davrlarda gonorar olmagan bo‘lsa-da, mashhurlik tezda moliyaviy mustaqillik keltirgan.

— Ijodimni boshlagan yillarim pul yo‘q edi. Onam paltolarini, tillalarini sotib, meni sahnaga olib chiqqan. Qo‘shiqlarim mashhurlik keltira boshlaganidan keyin, birinchi yildayoq 3 xonali uy sotib olganman. U vaqtda 18 yosh edim. Turmushga chiqqunimga qadar barcha pullarimni onamga berardim, deydi xonanda.

Ijoddagi tanaffus sababi

— Ijodda tanaffus qilishimga semirib ketganim sabab bo‘ldi. Oldinlari ideal ko‘rinishda sahnaga chiqqanim uchun tashqi qiyofamdan uyala boshladim. Bunaqa holatda muxlislarim ko‘ziga ko‘rinishni xohlamadim. Faqat farzand tarbiyasi bilan band bo‘ldim desam, xato bo‘ladi. To‘ylarga ham chiqib turdim. Tashqi ko‘rinishdan rozilik ayol kishi uchun juda muhim. Inshaalloh, katta sahnada konsert qo‘yish niyatim bor.

“Zapretga tushganimda odamlarning asl yuzini ko‘rdim”

— 20 yil oldingi va hozirgi Feruzaning ancha farqi bor. Chunki men ona bo‘ldim. Uy bekasiga aylandim. Bundan afsuslanmayman. Oldingi va hozirgi dunyoqarashim o‘rtasida ancha farq bor. Odamlarni bilib oldim. Yulduz darajasida yurgan paytim menga jonini berishga tayyor bo‘lgan muxlislarim, do‘stlarim “zapret”ga tushganimda tashlab ketishdi. Yonimda hech kim qolmadi. Bir tomondan “zapret”ga tushishim, o‘tirib qolishim menga sinov vazifasini bajardi. Yonimda yurganlarni yaxshi tanib oldim, deydi u.

San’atni deb tibbiyotni tark etgan xonanda

— 99-yillarda tibbiyot kollejida o‘qirdim. Ayamga “Qo‘shiqchi bo‘laman”, dedim. Ayam esa “Sen shifokor bo‘lishing kerak, qayerdan chiqdi bu gap?”, dedi. “Ayajon, qo‘shiqchi bo‘lganimda ham, yaxshi qo‘shiqchi bo‘laman”, dedim. Ayam o‘zi san’atkor bo‘lgani uchun “Mayli, menga qo‘shiq xirgoyi qilib ber, agar menga yoqsa, rozi bo‘laman”, dedi. Ayam mendan Xorazmcha qo‘shiq aytishimni kutgan. Men esa estrada yo‘nalishida kuylashni istardim. Ayam “Bu yo‘l — og‘ir yo‘l. Poytaxt bir daryo, biz esa kichkina ariqmiz. Mo‘ljalni unaqa katta olma”, dedilar. Men esa ko‘nmadim.

Onam shifokor bo‘lishimni juda istagan. Men yaqinda dissertatsiya yoqlamoqchiman. Qaytadan noldan o‘qib, doktor bo‘lmoqchiman. Onam yoshligimda shu sohada mening qobiliyatimni sezgan ekan. Men esa 3-kursligimda o‘qishni tashlab ketgan edim, deydi xonanda.

“Toshkentga kelganimdan keyin qiyinchiliklarning zo‘ri boshlangan”

Mablag‘ tomondan juda ko‘p qiyinchiliklar bo‘lgan. Ayam bilan Xorazmdan Toshkentga avtobusning bir o‘rindig‘iga o‘tirib kelganmiz. Bir kuni esimda bor, ayamning tizzasiga o‘tirib kelayotgandim, ayam juda charchadi va yonimizda o‘tirgan harbiy boladan birozga bo‘lsa-da menga joy berib, o‘zi tik turib ketishini iltimos qildi. U esa “Men ham xizmatni o‘tab, charchab kelyapman, xola” deb unamadi. Shu tariqa manzilga yetgunimizcha ayamning tizzasida o‘tirib ketdim. O‘shanda ikki o‘rindiq uchun bilet olishga pulimiz yo‘q edi. Endi o‘ylab qarasam, Toshkentga kelganimizdan keyin ko‘rgan qiyinchiliklarimning oldida bu mashaqqatlar hech narsa emas ekan, deydi Feruza Jumaniyozova.

“Qiyin kunlarga qaytishdan qo‘rqmayman”

— Orqaga nazar tashlaydigan bo‘lsam, ham yig‘layman, ham quvonaman. O‘sha paytlarda san’atkor bo‘lganimdan afsuslanardim. “Ayajon, nimaga azob chekyapmiz?”, deb yig‘lardim. Endi o‘ylab qarasam, menga u kunlar esdalik bo‘lib qolib ketdi. Hozir “O‘sha kunlarga yana qaytasanmi?”, deb so‘rashsa, hech ikkilanmay, “Qaytaman”, deyman. Hayotda qiyinchilikdan qo‘rqmaslik kerak ekan. Ko‘rgan qiyinchiliklarim keyin yaxshiliklarga xizmat qildi, deydi u.

“Insonga onadan boshqa hech kim do‘st bo‘la olmaydi”

— San’atdan do‘st topish mumkin, lekin san’atkorlar ichidan emas. Chunki san’atkor san’atkorga hech qachon do‘st bo‘lmaydi. O‘zi bir inson boshqasiga do‘st bo‘la olishiga ishonmayman. Inson uchun faqat ona do‘st bo‘la oladi. Men onamdek do‘st topa olmadim hayotda, deydi xonanda.

“Ota-onamdan ketma-ket judo bo‘ldim”

Xonandaning ota-onasi u yoshligida ajrashib ketgan, ammo yillar o‘tib yana birgalikda hayot kechirgan.

— Otam biz bilan yashamagan. Onam bilan katta bo‘lganmiz. Keyin katta yoshga yetib, ota-onamizni yarashtirishga harakat qildik va bunga erishdik. Ammo oradan 10 yillar o‘tib, xuddi kelishilgandek, ikkalasi ham ketma-ket bir oy ichida vafot etdi. Bu holatni qabul qilish juda og‘ir bo‘ldi, deydi u.

Ma’lumot uchun, Feruza Jumaniyozovaning onasi Zuhra Jumaniyozova 2024-yilning aprel oyida vafot etgan.

“Xiyonatni kechirmayman”

— Bir inson mening ishonchimni poymol qilsa, u uchun ko‘nglim eshiklarini yopaman. Ko‘rganimda salom deyishim mumkin. Lekin u inson men uchun yopiq eshik bo‘ladi. Bir inson sizga xiyonat qilsa, qanday qilib uni uyingizga olib kirib, to‘rga o‘tqazib qo‘yasiz? Men uchun jonini beradigan, metrlab xatlar yozadigan muxlislarim, sizsiz o‘lib qolaman, degan shogirdlarim bor edi. Lekin ular kezi kelsa, meni to‘yiga aytmadi, bitta SMS yozib qo‘yishga yaramadi, deydi u.

Kutilmagan “zapret”

— 2007-yilda “zapret”ga tushdim. “Xalqlar do‘stligi”da konsert qo‘yayotgandim, bannerlar osilgan, reklamalar ketyapti. “Konsert to‘xtatildi, sen zapretga tushding”, deyishdi. “Nimaga? Sababi nima?”, dedim. Savollarimga hech kim javob bermadi. Oradan 6-7 yil o‘tdi, lekin taqiq yechilmadi. Onam bilan bormagan joyimiz, taqillatmagan eshigimiz qolmadi. Lekin jo‘yali javob eshitmadik. “Zapret”ning sababini bilmaslik insonni tushkunlikka tushirib qo‘yadi. Ana o‘shanda men birinchi stressimni oldim va semirib keta boshladim. Muxlislarim qachon konsert qo‘yasiz, deb so‘rardi, ularga javob bera olmasdim. Balki o‘sha vaziyatda ham ijodimni davom ettirishim kerak bo‘lgandir, lekin men tushkunlikka tushib qoldim, shokdan chiqib keta olmadim, deydi Feruza Jumaniyozova.

“Yulduz Usmonovaga havas qilaman”

— Bu vaqt ichida to‘ylarga borib turdim, hatto “zapret” vaqtida ham meni to‘y xizmatlarga chaqirishgan. Xonandalardan Yulduz Usmonovaga havas qilaman, qoyil qolaman. Men bir marta “zapret”ga tushganman, Yulduz opa juda ko‘p marotaba tushgan bo‘lsa ham, umuman ijodni to‘xtatmadi, deydi xonanda.

“Yevropada ijod qilishni istayman”

Feruza Jumaniyozova volidasining vafotidan so‘ng san’atdan ketmoqchi bo‘lgan. Biroq onasining shuncha mehnatlari tufayli ijodni yana davom ettirishga qaror qilgan.

— Yevropaga chiqishni xohlayman, shu sababli bundan buyog‘iga qo‘shiqlarimni zamonaviy uslubda chiqarmoqchiman. Yaqinda bir studiyaga borsam, bir qo‘shiqni aytib ko‘ring deyishdi. Men esa “Yo‘q, bu rep ekan, menga tushmaydi”, dedim. Lekin ular ko‘p so‘rashgach, mayli, aytib ko‘ray, deb o‘zimni sinab ko‘rdim. Qarasam bu yo‘nalish ham menga tushar ekan, deydi xonanda.

Eng baxtli ayol kim?

— Eng baxtli ayol — oilani saqlab qola olgan ayol. Garchi puli bo‘lmasin, qimmat mashinasi, uyi bo‘lmasin, boringki chiroyli ko‘ylagi ham bo‘lmasin, lekin eri va farzandi bor ayolni dunyodagi eng baxtli ayol deb hisoblayman, deydi u.

“Qizing erim bilan yuribdi, deyishgan”

Feruza Jumaniyozova faoliyati davomida bir necha marta tuhmatlarga uchragani haqida ham so‘zlab bergan.

— Har xil tuhmatlar bo‘ldi. Siz bir onaning bokira qizisiz. Onangizga “Qizing mening erim bilan yurdi”, deyishsa, tasavvur qiling onangizga qanday og‘ir botishini. Men turmushga chiqmaganman, o‘sha gapni telefonda aytishgan vaqtda onamning yonida uxlab yotgan bo‘lganman. “Bu nima deganingiz, qizim yonimda uxlab yotibdi”, degan onam qo‘ng‘iroq qiluvchiga javoban. Bu haqda ancha yillardan keyin onam aytib bergan, deydi u.

Ma’lumot uchun, Feruza Jumaniyozovaning hit qo‘shiqlaridan biri — “Yalla habibi” turli millat vakillari tomonidan o‘zbek tilida ijro etilgan. Xususan, ushbu qo‘shiq arab millatiga mansub Leyla ismli qiz tomonidan ham kuylangan.

Qo‘shiqning hindistonlik 15 yoshli Yumna Ajin ijrosidagi versiyasi ham ancha ommalashgan.

“Birrov” xizmati eng qimmat xorazmlik xonanda

Ma’lumotlarga ko‘ra, Feruza Jumaniyozova Xorazm to‘ylariga kirib, yarim soat qo‘shiq kuylab berishi uchun unga 5000 dollar to‘lash kerak bo‘ladi. Bu esa boshqa xorazmlik xonandalar bilan solishtirilganda eng qimmat narx hisoblanadi. Xususan, “Xorazm bulbuli” deya ta’riflanuvchi Og‘abek Sobirov Xorazm to‘ylariga 3000 dollar evaziga boradi. Feruza Jumaniyozovaning o‘zi bu narxni quyidagicha izohlaydi:

— Aytilishi 5 000 dollar, lekin men xalqning sharoitiga qarayman, masalan, 2000 ga ham yoki 1000 dollarga ham borishim mumkin, deydi san’atkor.

18 yil kutilgan konsert

Feruza Jumaniyozova o‘zining ilk yakkaxon konsertlarini 2003–2004-yillarda bergan. U 18 yillik ijodiy tanaffusdan so‘ng “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida “Sog‘inganlarim” nomli yakkaxon konsert dasturini taqdim etdi.

— Sahnaga ilk qadamimni qo‘yganimda sahnani sog‘inganimni his qildim. Muxlislarimning ko‘zidagi mehrni his qildim. Har bir muxlisimning ko‘ziga boqib chiqdim, meni sog‘inishibdi, men ham ularni juda sog‘indim. Shuncha yil sahnaga chiqqanim yo‘q, qanday kutib olishadi, nima bo‘ladi, degan hayajon bor edi. Ko‘nglim to‘ldi, deydi Feruza Jumaniyozova.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.