Jahon

“Seftriakson” qabul qilgan qozogʻistonliklar vafot etgani rostmi? Masʼullar izoh berdi

Qozog‘iston SSV mamlakatda “Seftriakson” dorisidan 18 kishi vafot etgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Kuni kecha internetda Qozog‘istonning Olmaota shahrida 18 kishi “Seftriakson” antibiotikini qabul qilganidan keyin vafot etgani haqida xabarlar tarqalishni boshladi. Ta’kidlanishicha, ushbu preparat dorixonalardan yoppasiga musodara qilinish boshlangan.

Oʻzbekistonda “Dok-1 Maks” preparati bilan bogʻliq noxush hodisalardan soʻng, bu yangilik yana barchani tashvishga solishni boshladi. Sababi, “Seftriakson” ni oʻzimizda ham juda keng qoʻllanilib, vrachlar tavsiyasiga asosan kuchli antibiotik vosita sifatida ishlatib kelinadi.

Biroq Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bu ma’lumotlarni rad etib, xabarni feyk deb atadi.

“Seftriaksonga nisbatan ko‘ngilsiz reaksiyalar bo‘yicha bemorning o‘limi bilan tugagan holatlar qayd etilmagan. Qozog‘iston SSV Tibbiy va farmatsevtik nazorat qo‘mitasiga va uning Olmaota shahri bo‘yicha hududiy departamentiga bunday shikoyatlar kelib tushmagan”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Maʼlumot uchun, “Seftriakson” – antibiotiklar turiga kirib, u asosan sepsis, meningit, turli xil infeksiyalar, pnevmoniya kabi kasalliklarning keng turlarini davolashda qoʻllaniladi. Bu dori Qozog‘istonda litsenziyaga ega bo‘lib, deyarli barcha dorixonalarda sotiladi.

Javob berish

Eng köp öqilgan maqolalar

Exit mobile version