Buxoro yangiliklari
Buxorodagi bojxona postida qariyb 1 mlrd so‘mlik tovarlarning noqonuniy olib kirilishining oldi olindi

Kuni kecha Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yana bir holatda hujjatlarda qayd etilmagan yirik miqdordagi tovarlarning Respublikamiz hududiga noqonuniy tarzda olib kirilishiga chek qo‘yildi.
Xususan, “Turkiya – O‘zbekiston” yo‘nalishida harakatlanib, “Olot” chegara bojxona postiga kirib kelgan yuk avtotransport vositasi tegishli tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Natijada, mazkur tovarlarning inspeksion ko‘rik majmuasidan olingan tasvirlari hamda yuk kuzatuv hujjatlarida o‘zaro tafovut borligi bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi va xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Hujjatlarda umuman ko‘rsatilmagan ip-kalava mahsulotlari, polipropilen bo‘yoqlari hamda tekstil xom-ashyolari kabi turli nomdagi tovarlar borligi ko‘rik davomida oshkor bo‘ldi.
Hozirda umumiy qiymati 919 000 000 so‘mdan ootiq bo‘lgan mazkur tovarlar qonuniy qaror qabul qilingunga qadar vaqtincha saqlovga olindi.
Holat yuzasidan esa bojxona organlari tomonidan tegishli tartibda ish olib borilmoqda.