Özbekiston
O‘qish 23-yanvardan an’anaviy tarzda boshlanadi – vazirlik

Bugun, 20-yanvar kuni internetda keyingi haftadan boshlanadigan o‘qish jarayonlari online formatda bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi. Bunga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi munosabat bildirdi.
“Joriy yilning 23-yanvaridan e’tiboran barcha oliy va professional taʼlim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun dars mashg‘ulotlari an’anaviy tarzda boshlanishini ma’lum qilamiz”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Shuningdek, vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, nazorat ishlari (oraliq, yakuniy) ta’lim muassasalari tomonidan belgilanadigan shakllarda moslashtirilgan o‘quv grafiklariga muvofiq amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, talaba-o‘quvchilarning o‘z ta’lim muassasalariga qaytishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia hamda temiryo‘l chiptalari tarif qismidan 50% miqdorida chegirma berilishi muddati ham 23-yanvarga qadar uzaytirilgan.