Buxoro yangiliklari
Antimonopoliya qoʻmitasi Buxoroda sotilayotgan benzin sifati va narxi yuzasidan “zapravka” larda oʻrganish olib bordi

Buxoro viloyatida jami 139 ta AYQSH lar mavjud boʻlib, ayni kunlarda shulardan 4 tasida taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Bu haqida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi xabar qilmoqda.
Buxoro viloyatidagi AYQSH lar tomonidan bugungi kun holatiga jami 6 235 tonna AI 80 markali benzin birja savdolari orqali xarid qilingan.
Joriy yilning 21-yanvar holatiga 3 711 tonna benzin mahsuloti AYQSH lar tomonidan isteʼmolchilarga sotilgan boʻlib, 3 027,3 tonna zahira benzin mavjud.
Hududiy boshqarma oʻrganish olib borgan vaqtda Buxorodagi shaxobchalarda AI 80 markali benzinning 1 litri 5 700 soʻmdan sotilayotganligi aniqlangan.
“Bugungi kun holatiga Buxoro viloyatida qonunbuzilish holatlari kuzatilmagan. Viloyatda sifatsiz benzin mahsulotini sotish, narxlarni oshirish holatlari aniqlanmadi”, – deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi xabarida.
Eslatib oʻtamiz, benzin narxining asossiz oshib ketmasligi va aholiga sifatli benzin mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish maqsadida barcha hududlarda ishchi guruh faoliyati davom etib, doimiy monitoring olib borilmoqda.