Buxoro yangiliklari
Xorijdan kelgan 3 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan poliz ekinlari urug‘larining noqonuniy aylanmasining oldi olindi

Kuni kecha “Olot” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan yirik miqdordagi tovarlarning noqonuniy tarzda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilishiga chek qo‘yildi.
Xususan, “Turkiya — O‘zbekiston” yo‘nalishida harakatlanib, mamlakatimiz hududiga kirib kelgan yuk avtotransport vositasi inspeksion ko‘rik majmuasi yordamida skanerdan o‘tkazilganda, yuk kuzatuv hujjatlari hamda rentgen tasvirlarida bir-biriga mos kelmasligi aniqlandi.
Yuk mashinasidagi qayd etilmagan tovarlar tegishli tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishi natijasida unda vazni 2 tonnadan ortiqroq bo‘lgan qadoqlangan holdagi poliz ekinlari urug‘lari borligi fosh bo‘ldi.
Umumiy qiymati 3 210 000 000 so‘mni tashkil etayotgan ushbu tovarlar ayni damda vaqtincha saqlovga joylashtirildi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.