Jahon
Qirgʻizistonda xavfsizlik qoʻmitasi xodimlari antikorrupsiya tashkiloti rahbarini pora bilan ushladi – video

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi “Korrupsiyaga qarshi xalq harakati” jamoat birlashmasi direktorini pora olayotgan vaqtida jinoyat ustida ushladi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu birlashma direktori Almazbek Kanquliyev Keminskiy tuman IIB tomonidan ko‘rib chiqilayotgan Kichi-Kemin qishloq okrugi rahbarining moliyaviy faoliyatini tekshirishni to‘xtatgani uchun undan pul undirgan.
Toʻliq video: https://t.me/repostbu/415
Xabarda taʼkidlanishicha, rahbar A. Kanquliyev jamoat birlashmasi maqomidan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi aloqalar niqobi ostida vaqti-vaqti bilan davlat muassasalari, tashkilotlariga byudjet mablag‘larining sarflanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va shunga oʻxshash boshqa ma’lumotlarni so‘rab kelgan.
Shuningdek, u o‘z so‘rovlarini bajarishdan bosh tortgani uchun tekshirish o‘tkazish bilan qo‘rqitib, mamlakat bosh prokuraturasi va Hisob palatasiga “zayava” yozish orqali muntazam ravishda koʻplab tashkilotlardan pul undirgan.
Bundan tashqari, A. Kanquliyev mahalliy pudratchilarga “hamkorlik” taklif qilib, tenderlarda ijobiy qaror qabul qilishni va’da qilgan. Buning uchun xizmat haqi sifatida e’lon qilingan tender summasining 10% ni talab qilgan. Rad etilgan taqdirda esa ularning tashkilotida audit o‘tkazishga harakat qilish bilan tahdid qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sobiq rahbar Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.