Islom
Ro‘zador kishi so‘lagini yutishi mumkinmi?

Savol: Aytishlaricha, ro‘zador odam o‘z so‘lagini yutsa ro‘zasi ochilib ketishi mumkin ekan. Bu gap qanchalik to‘g‘ri? Savolim nojoiz bo‘lsa, oldindan uzr.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Ro‘zador so‘lagi (tufugi)ni yutishi bilan ro‘za ochilmaydi. “Muhitul Burhoniy” nomli kitobda bu haqida shunday deyiladi: “Ro‘zador og‘zida tufugini yig‘ib keyin yutib yuborsa, ro‘zasi buzilmaydi”.
Qasddan so‘lagini og‘zida to‘plab yutish esa makruh bo‘ladi. Bu haqda “Fatovoi hindiyya”da quyidagi jumlalar keltirilgan:
وَيُكْرَهُ لِلصَّائِمِ أَنْ يَجْمَعَ رِيقَهُ فِي فَمِهِ ثُمَّ يَبْتَلِعَهُ كَذَا فِي الظَّهِيرِيَّةِ
“Ro‘zador tufugini og‘zida yig‘ib keyin yutib yuborishi makruh bo‘ladi. “Zohiriyya”da shunday keltirilgan”.
Demak, tufukni qasddan og‘izda yig‘ib, yutishdan iloji boricha saqlanish kerak bo‘ladi. Odatdagi holatda esa so‘lakni ichga o‘tishi makruh emas. Vallohu a’lam.