Buxoro yangiliklari
Qadimiy Qurʼoni Karim kitobi nusxasi Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasiga topshirildi

“Buxoro xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti, Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi – badiiy ekspertiza bo‘limi hamda Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari ishtirokida tuzilgan dalolatnomaga asosan, Qozon bosmaxonasida chop etilgan “Qur’oni Karim” nusxasi davlat muzey-qo‘riqxonasiga topshirildi.
Qur’oni Karim kitobi taxminan XIX-asrning oxiri XX-asrning boshlariga oid bo‘lib, 17-sahifadan 2-sura “Baqara” surasining 113-oyati bilan boshlanib, 566-sahifa 102-sura “At-Takosur” surasining 3-oyatigacha saqlangan. Muqaddas kitobning boshidan 112 ta oyati va oxiridan 12 ta surasi saqlanmagan. Betlari to‘plamdan ajralgan, yozuvlari qoniqarli, ba’zi varaqlarining chetlari titilgan, yirtilgan, sariq va qora dog‘lar mavjud. “Qur’oni Karim” nusxasi oldin ishlatilgan bo‘lib, ba’zi varaqlari g‘ijimlangan.
Mazkur “Qur’oni Karim” kitobi Rossiya Federatsiyasidan uchib kelgan fuqaro tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-mayda qabul qilgan “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida e’lon qilingan “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi doirasida taqdim etildi.