Buxoro yangiliklari
G‘ijduvonda USAID ko‘magida Safari turizmi obyekti qurildi

Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanidagi “Baraka” mahallasi hududida Safari turizmiga xos yangi dam olish ekomaskani tashkil etildi. Bu haqda viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi xabar bermoqda.
Tadbirkor Iqlima Jo‘rayeva Gʻijduvonda 30 gektarlik ochiq yer maydonini 1 mlrd so‘m va AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ning $31 000 evaziga ekomaskanni barpo etdi. Mazkur cho‘l zonasida shuningdek, 40 000 ga yaqin turli-tuman ko‘chatlar ekilgan. Bu yerdagi yurtalar jihozlangan va barcha sharoitga ega.
“– Mazkur dam olish maskanining tashkil etilganiga 4 oy bo‘lgan bo‘lsa-da, ham respublika, ham xorijdan keluvchilar talaygina.
Tug‘ilgan yurtimni sevganim sabab, shu joyning gullab-yashnashiga kuch-quvvatim boricha harakat qilib kelyapman, to ki Buxoroni dunyo bilsin, tanisin. Bu kabi ekomaskanlarga ehtiyoj ortib bormoqda, chunki keladigan sayyohlar ba’zan shahar shovqinidan tashqariroqda dam olishga istak bildirishmoqda. Shuning uchun mazkur dam olish maskanini barpo etishga qaror qildim va o‘ylaymanki u barcha keluvchi mehmonlarimizga manzur bo‘ladi”, – deydi Iqlima Jo‘rayeva.
Mazkur dam olish maskanining ochilish marosimi Navro‘z bayrami arafasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.