Buxoro yangiliklari
Buxoroda “dom” ning noqonuniy qurilgan 8-qavatidagi xonadonlar uchun pul olgan tadbirkor fosh bo‘ldi

Buxoro shahrida 6 nafar mijozning 838,6 mln so‘m va $14 400 ni qo‘lga kiritgan korxona rahbari qo‘lga tushdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “N. A.” MChJ ga shahar hududidan ko‘p xonadonli 7 qavatli turar joy binosini qurishga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, korxona rahbari O‘. Q. binoga qo‘shimcha 8-qavatni qurib, ushbu xonadonlarni mijozlar nomiga rasmiylashtirib bo‘lmasligini bilsa-da, 6 nafar fuqaroning 838,6 mln so‘m va $14 400 ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Ayni damda esa ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.