Jahon
Rossiya TV sida sun’iy idrok yordamida yaratilgan boshlovchi efirga chiqmoqda – video

Sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalarning kundan-kunga rivojlanib borishi bilan birga ularning hayotimizga integratsiyalashuvi reallik va virtuallik o‘rtasidagi chegaralarni tobora xiralashtirmoqda. Biz shu darajaga yetib keldikki, bugungi kunda Internetdagi surat yoki videolar ham qanchalik haqiqiy ko‘rinmasin, u neyron tarmog‘i tomonidan yaratilgan bo‘lishi mumkinligi sir emas.
Ko‘pchilikni “Qanday qilib buni neyron tarmoq yaratgan bo‘lishi mumkin?”, – deya o‘ylantiradigan holat endi Rossiya telekanallarining birida sodir bo‘lmoqda.
Rossiyaning “Svoyo TV” telekanalida Snejana Tumanova ob-havo ma’lumotlari bilan tanishtiruvchi sifatida ish boshladi. Qizig‘i shundaki, u haqiqiy ayol emas – Snejana bir nechta neyron tarmoqlar yig‘indisi hisoblanadi. Ularning biri virtual qahramonimizning o‘zi bo‘lsa, yana bir dastur uchun matn tayyorlaydi, boshqasi grafik ishlar bilan shug‘ullanadi.
Boshlovchi olib boradigan dastur nomi ham o‘ziga xosdir: “Kelajak prognozi”. Unda Snejana Sizni ob-havo ma’lumotlari bilan tanishtiradi. Gapirishidan esa uning haqiqiy emasligi biroz sezilib qoladi.
“– Men kasal bo‘lmayman, ta’tilga chiqmayman va tushlik uchun tanaffusga muhtoj emasman”, – deydi Snejana Tumanova.
“Svoyo TV” rahbariyati o‘zining virtual ishchisini “shuhratparast va insoniy raqobatchilarni to‘liq almashtirish uchun yaratilgan” ligini ta’kidlaydi. Shunga qaramay, telekanal hozircha haqiqiy inson bilan olib boriladigan ob-havo dasturidan voz kechmoqchi emas.
Qayd etish kerak-ki, tinib-tinchimagan xitoyliklar bir necha yil oldin o‘zlarining TV-yangiliklarini mana shunday virtual boshlovchilar bilan olib borishni boshlab yuborishgan.