Buxoro yangiliklari
28-aprel kuni Rossiyada malaka oshirib kelgan shifokorlar Buxoroda bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazadi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali tashabbusi bilan “Salomatlik aksiyasi” doirasida joriy yilning 28-aprel kuni Buxoro shahridagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binosida (sobiq 11-son poliklinika) aholining chuqurlashtirilgan keng qamrovli tibbiy ko‘rigi tashkil qilinadi.
Tibbiy ko‘rik Rossiya Federatsiyasining yetuk mutaxassislari va xorijiy davlatlarning yetakchi klinikalarida o‘z bilim va malakalarini oshirib kelgan tajribali kardiolog, kardioxirurg, aritmolog, xirurg, ginekolog, LOR, terapevt, oftalmolog, travmatolog, neyroxirurg, qon-tomir jarrohi va boshqa 30 xildan ortiq mutaxassislar tomonidan beminnat amalga oshiriladi. Tibbiy ko‘rikda zamonaviy diagnostik tekshiruv usullaridan foydalaniladi.
Shuningdek tibbiy ko‘rik jarayonida kardiologik, aritmologik, qon-tomir xirurgiyasi (varikoz) hamda buyrak va jigar transplantatsiyasi operatsiyasiga muhtoj bo‘lgan bemorlar tanlab olinib, ularda yuqori texnologik kam invaziv operatsiya olib boriladi.
Fuqarolarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tib, yuqori malakali mutaxassislar maslahatlaridan foydalanishga taklif etamiz!