Buxoro yangiliklari
Bayram arafasida buxorolik II jahon urushi qatnashchisi Norboy Qarshiyev holidan xabar olindi

Keksa avlod vakillariga e¹tibor va g‘amxo‘rlik, hurmat va ehtirom ko‘rsatish ma¹naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotir. Xonadonlarimiz fayzi bo‘lgan keksalar holidan xabar olish, og‘irini yengil qilish nafaqat farzandlik burchimiz, balki jamiyat ishiga aylanib ulgurdi.
Shu bois, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi bilan, 9-may- Xotira va qadrlash kuni arafasida ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Norboy bobo Qarshiyev holidan xabar olinib, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Vatanparvar tashkiloti hamda faol yoshlar bilan uchrashuv tashkil qilindi.
— Dunyoda xalqlar ko‘p, urf-odatlar ham shunga yarasha, ammo inson qadri-qimmati, uning manfaati yuksak qo‘yilgan yurt hamma joyda ham topilavermaydi, — deydi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Norboy Qarshiyev.
– Shukrki, yurtimiz tinch-osuda. Shu sabab, xonadonlarimiz fayzli, obod. Urush yillaridagi ocharchiligu, suronli kunlar, o‘tmishning mashaqqatlarini eslasam, bugungi farovon turmushimizga ko‘z tegmasin deyman. Istiqlol tufayli bugun xalqimiz farovon va osoyishtalikdan masrur. Keksalikning gashtini surib farzandlar, nevarayu chevaralar ardog‘ida izzat-ikromda yashashga ne yetsin, – deya davom ettirdi o‘z so‘zini Norboy ota.
Joylarda o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlarda keksalarimizning bosib o‘tgan yo‘li, hayotiy tajribasi yoshlarga ibrat ekanligi, xalqimiz hech bir ishni keksalar duolarisiz boshlamasligi bejizga emasligi hayotiy misollar orqali ochib berilmoqda.