Buxoro yangiliklari
355 mln so‘mlik kontrabanda tovarlari Buxoroda to‘xtatib qolindi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakillari tomonidan bartaraf etilgan jami 2 ta holat natijasida qiymati 355 mln so‘mdan ortiqroq bo‘lgan tovarlarni tegishli bojxona qonunchilik talablarini buzgan holda Respublikamiz hududidan olib chiqilishining oldi olindi.
Bu haqda tashkilot matbuot xizmati rahbari Durdona Qayumova Buxoroisharif.uz ga xabar qildi.
Unga ko‘ra “Olot” chegara bojxona posti orqali xorijiy davlatga eksportga yo‘naltirilgan tovarlarga nisbatan bojxona qonunchiligi buzilish alomatlari mavjudligi haqida oldindan olingan ma’lumotlarga tayangan holda xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigi tayinlanib, tovarning TIF TN kodlari, yuk kuzatuv hujjatlari hamda eksport qilinayotgan mahsulotlar o‘rtasidagi tafovutni aniqlash maqsadida Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi tahlillari asosida ekspertizadan o‘tkazildi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida esa, “Uglekisliy kaliy” o‘rniga “Kaliy xlorid” tovarlari joylashtirilganligi o‘z tasdig‘ini topdi.
Aytib o‘tish joizki, eksportyorlar eksport doirasi cheklangan “Kaliy xlorid” ni “Uglekisliy kaliy” deb yozilgan qoplarga joylashtirish orqali qonunchilik talablarini chetlab, bojxona xodimlarini chalg‘itishni maqsad qilishgan edi.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo sanoati tashkilotlarining eksport-import faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, 2017-yilning 1-oktabridan boshlab “O‘zkimyosanoat” AJ tashkilotlarining kimyoviy mahsulotlari eksporti “O‘zkimyoimpeks” MChJ orqali amalga oshirilishi belgilab o‘tilgan.