Jahon
12-may — Xalqaro hamshiralar kuni

Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, 1974-yilda Xalqaro hamshiralar kengashi tashabbusi bilan hamshira sohasi asoschilaridan biri Florens Naytingeyl tavallud kuni munosabati bilan 12-may sanasi “Xalqaro hamshiralar kuni” sifatida yil taqvimiga muhrlangan. Ushbu tarixiy kun munosabati bilan har yili dunyoning ko‘plab davlatlarida ma’lum mavzu asosida turli tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etiladi.
2011-yilning 29-aprelida esa O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirining “12-may — Xalqaro hamshiralar kunini nishonlash to‘g‘risida” gi maxsus buyrug’iga asosan Respublikamizda ham har yili ushbu bayram keng tarzda nishonlanmoqda. Tibbiyot muassasalarida ham turli tadbirlar tashkil etilib, ko‘p yillik mehnat tajribasiga ega, yuqori bilimli hamshiralar rag‘batlantirilib, qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.
Aytib o‘tish o‘rinli-ki, hamshiralar — bu boshlang’ich tibbiy ta’lim olgan mutaxassislar, vrach yoki feldsherdan bemorlarni parvarish qilish bo’yicha beriladigan tavsiya va ko‘rsatmalarni bajaruvchi hamda bemorlarga dardini yengishida tayanch va suyanch bo‘la oladigan qalbi buyuk insonlardir.
Biz uchun qadrli hamshiralar, muhtaram opa-singillar!
Fursatdan foydalanib, barchangizni 12-may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan samimiy qutlaymiz! Qalblarga shifo bo‘luvchi yoqimli tabassumingiz va mehrli nigohlaringiz uchun tashakkur. Doimo el ardog‘ida bo‘ling. Biz sizlarga ishonamiz!