Buxoro yangiliklari

Qora choy yoki tamaki? Bojxonachilar bu savolga javob berishdi

Foto: Buxoroisharif.uz

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Shaxsiy xavfsizlik sho’basi tezkor vakillari hamda “Xo‘jadavlat” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari ishtirokida bartaraf etilgan holat natijasida katta miqdordagi noqonuniy tamaki mahsulotlari aylanmasiga chek qo‘yildi.

Unda joriy yilning 13-sentyabr sanasida tranzit yo‘nalishda harakatlangan yuk poyezdi “Xo‘jadavlat” temir yo‘l chegara bojxona postiga kirib keladi. Bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan yuklarning og‘irligi va inspeksion ko‘rik majmuasi tasvirlari o‘zaro mos kelgan bo‘lsa-da, hujjatlarda tovar nomi aynan “qora choy” deb ko‘rsatilganligi tezkor xodimlarning shubasiga sabab bo‘ldi.

Gumonlarga oydinlik kiritish maqsadida xolislar ishtirokida amalga oshirilgan bojxona ko‘rigida esa, bojxona yuk deklaratsiyada qayd etilgan 1 411 o‘rindagi “qora choy” o‘rniga, xuddi shuncha miqdordagi tamaki mahsulotlari borligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Masalaning diqqat qilish lozim bo‘lgan tomoni shundaki, mazkur yuklarning bojxona nazoratidan o‘tishini yaxshi anglagan uddaburonlar, hujjatlar va yuklarning rentgen tasviridagi tafovutni kamaytirish maqsadida tamaki asosi hisoblangan “tabak” mahsulotini choy barglari bilan o‘xshash ekanligidan foydalanishga urinishgan. Aniq tahlil va oldindan olingan ma’lumotlarda asoslangan holda harakatlangan tezkor guruh vakillari holatni o‘z vaqtida bartaraf etishdi.

Dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra, umumiy qiymati 17 mlrd so‘mdan ortiq deb baholanayotgan 705 500 quti noqonuniy tamaki mahsulotlari qonuniy qaror qabul qilingunga qadar vaqtincha saqlovga olingan bo‘lib, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version