Buxoro yangiliklari
Ravshan Irmatov “Braziliya — Marokash” uchrashuvini tomosha qilish uchun Buxoroga tashrif buyurdi

Yurtimizda davom etayotgan futzal bo‘yicha jahon chempionati o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirib bormoqda.
Ma’lumki, Buxoro shahridagi “Universal” sport majmuasi mazkur chempionatning asosiy mezbonlaridan biri hisoblanadi.
Kecha, 29-sentabr kuni mazkur majmuada chorak final o‘yinlari doirasida Braziliya – Marokash o‘rtasidagi bahs bo‘lib o‘tdi.
Keskin va murosasiz ruhda o‘tgan uchrashuvni O‘zbekiston Futbol Assotsiyatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va boshqa qator mutasaddilar bevosita arenadan kuzatib borishdi.
Uchrashuv yakunida kechgan muloqotda Ravshan Irmatov Buxoroda katta sport tadbiriga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlariga, xususan, majmuaning jahon standartlariga mos barpo etilganiga, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlarga xorijlik mehmonlar, murabbiylar va sportchilar yuqori baho berganini e’tirof etdi.