Buxoro yangiliklari
Endilikda Buxoro va Trabzon qardosh shaharlar hisoblanadi

Bugun Turkiya Respublikasining Trabzon viloyati hokimi Ahmet Metin Gench boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Buxoroga keldi.
Tashrif doirasida ikki hudud rahbarlari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat rahbarlarining doʻstona munosabatlari va siyosiy irodalari davlatlarimiz oʻrtasida barcha sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqani hamda oʻzaro hamkorlikning jadallashishiga omil boʻlgani alohida qayd etildi.
Buxoro viloyati hamda Trabzon oʻrtasida hamkorlikni yanada kengaytirish uchun hali foydalanilmagan katta imkoniyatlar mavjud ekani taʼkidlanib, bu borada amaliy natijadorlikka erishish boʻyicha aniq rejalar belgilab olindi.
Muzokara davomida ikki hudud oʻrtasida savdo, iqtisodiy, investitsion, taʼlim, logistika, turizm yoʻnalishlarida hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish boʻyicha kelishib olindi.
Buxoroning investitsion salohiyati, iqtisodiy imkoniyatlari taqdimoti oʻtkazildi.
Uchrashuv yakuni bilan ikki hudud oʻrtasida Qardoshlik memorandumi imzolandi.
Tashrif dasturiga koʻra, delegatsiya Buxoroda turkiyalik investorlar tomonidan amalga oshirilgan loyihalar bilan yaqindan tanishishadi, Buxoroning tarixiy qadamjo va ziyoratgohlarida sayohatda boʻlishadi.
Ma’lumot o’rnida, Trabzon 2 000 yillik tarixi va son-sanoqsiz madaniy boyliklari bilan Turkiyaning eng mashhur shaharlaridan biridir. Qadimgi Ipak yo‘lida joylashgan mazkur shahar, shuningdek, Sharqiy Qora dengiz mintaqasida joylashgan sayyohlarning asosiy sevimli maskani hisoblanadi.