Salomatlik
Buxorodagi bolalar tibbiyot markazida murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda

Buxoroda bolalarda yuqori texnologik kardioxirurgik amaliyotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda
Viloyatimizda yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlar qamrovi kengayib bormoqda. Xususan, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida kardioxirurgik amaliyotlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Yaqinda ushbu markazda Bolalar milliy tibbiyot markazi kardioxirurglari hamda mahalliy mutaxassislar hamkorligida tug‘ma yurak nuqsoni tashxisi qo‘yilgan 2 nafar bolaga yurak jarrohligi amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu yuksak malakali mutaxassislar va zamonaviy tibbiy jihozlardan samarali foydalanish natijasidir.
E’tiborli jihati shundaki, endilikda viloyat aholisi bolalarini kardioxirurgik davolash uchun respublika markazlariga yo‘llamasdan, o‘z hududida, ya’ni Buxoroda muolaja qilish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu esa aholi uchun ortiqcha sarf-xarajatlar va vaqt yo‘qotishlarning oldini oladi.
Markazda shifokorlarning malakasini oshirish, tajriba almashish va tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida Respublika bolalar milliy tibbiyot markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda muntazam ravishda amaliyotlar tashkil etilmoqda.