Buxoro yangiliklari
Buxorodagi harbiylar uchun tantanali tadbir o‘tkazildi

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qism tashkil etilganining 84 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda viloyat hokimi o‘rinbosari Hafiza Artikova, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi viloyat hududiy bo‘linmasi a’zolari, shoir-yozuvchilar, ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilari, faxriylar va harbiy xizmatchilarning yaqinlari ishtirok etishdi.
So‘z olganlar jamoani ushbu shodiyona bilan qutlab, mazkur harbiy qism tashkil topgan ilk kunlardan to bugungi kungacha bosib o‘tgan sharafli yo‘li, unda muqaddas burchini ado etganlarning jasorati va yutuqlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tishdi, mas’uliyatli va sharafli yumushga bel bog‘lagan yigitlarga muvaffaqiyat tilashdi.
Qutlug‘ sana munosabati bilan bir guruh ofiserlarga navbatdagi harbiy unvonlar, xizmat burchini namunali o‘tayotgan askarlarga, ularning yaqinlariga sovg‘alar topshirildi.
Harbiy qismga qarashli orkestr hamda askarlarning chiqishlari Vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini o‘zida mujassam etdi.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolarining yig‘ilishi ham o‘tkazilib, mazkur harbiy qism bilan bog‘liq ishlar samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha kelishib olindi.