Buxoro yangiliklari
Avvalgi “gorgaz” yonidagi ko‘chada tadbirkorlik obyektlari 24/7 rejimida ishlaydi

Buxoro shahrining “Nizomiy Ganjaviy” mahallasi Sadriddin Ayniy ko‘chasi hududida yangi formatdagi ko‘cha 24/7 tizimida ish boshladi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi xabar bermoqda.
Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat yuritadigan mazkur ko‘chada infratuzilma tadbirlarini amalga oshirish uchun 2 mlrd 894,6 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Mazkur mablag‘ hisobidan hozirda ko‘chaning elektr tarmoqlari yangilandi, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarildi, zamonaviy (manzarali) yoritgich chiroqlari (ilyuminatsiya) o‘rnatildi, piyodalar yo‘lagi qurildi, bolalar maydonchasi va vorkaut, besedka qurish ishlari amalga oshirildi.
Umuman, loyiha doirasida aholiga qulaylik yaratish maqsadida ko‘ngilochar maskanlar, oziq-ovqat do‘konlari, tez tayyorlanadigan taomlar (fastfood) shoxobchalari, shuningdek, sayr qilish va dam olish uchun maxsus zonalar tashkil etildi.
Shuningdek, ko‘chada 26 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil qilinib, 40 ta tadbirkorning faoliyati kengayadi. 24 ta ko‘chma savdo shoxobchalari tashkil qilindi. 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Buning natijasida byudjetga qo‘shimcha 500 mln so‘m soliq tushimi tushishiga erishiladi.
Kuni kecha ko‘chaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar, keng jamoatchilik vakillari hamda shahar aholisi ishtirok etdi.
Tantanada “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Bunyodbek Saidov ishtirokidagi konsert dasturi yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.