Buxoro yangiliklari
Buxoroda IIB nazorat ostidagi shaxslar bilan profilaktik suhbatlar olib bormoqda

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya bo‘limi xodimlari tomonidan probatsiya hisobida turgan, nazorat ostidagi shaxslarning yashash xonadonlari sohaga oid boshqa xizmatlar xodimlari bilan hamkorlikda muntazam ravishda o‘rganib chiqilmoqda. Bu haqda tashkilot Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Tadbirlar jarayonida ushbu shaxslarning yashash sharoitlari, ijtimoiy muhitga moslashuvi, bandligi hamda qayta huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, huquq va majburiyatlari tushuntirilmoqda, sog‘lom turmush tarziga amal qilish hamda qonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.
Mazkur manzilli profilaktik ishlar jamiyatda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, nazorat ostidagi shaxslarning ijtimoiy moslashuvini ta’minlash va jamoat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.