Islom
G‘iybat – og‘ir gunoh: Jabroil alayhissalom: “Birodarlaringizning go‘shtini yeganingizdek, yeyaveringlar”

Savol: Assalomu alaykum. Odamlar orasida g‘iybat qilish hollari ko‘p uchramoqda. Iltimos, bunga dinimizning ko‘rsatmasi haqida ma’lumot bersangiz.
Javob: Va alaykum assalom. Gʻiybat gunohi kabiralardan biridir. Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadi: “Bir kishidagi ayb-nuqsonni boshqalarga aytib yurish g‘iybatdir. U qilmagan ishni yoki unda yo‘q narsani aytish tuhmatdir”.
Alloh taolo bunday ogohlantiradi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اجْتَنِبُوا كَثِيرًا مِنَ الظَّنِّ إِنَّ بَعْضَ الظَّنِّ إِثْمٌ وَلَا تَجَسَّسُوا وَلَا يَغْتَبْ بَعْضُكُمْ بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ تَوَّابٌ رَحِيمٌ
“Ey mo‘minlar! Ko‘p gumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir! (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?!” (Hujurot surasi, 12-oyat).
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Isro kechasi bir qavm tanasidagi bir qism go‘shtni kesib, uni yeb turganlarida, ularning oldidan o‘tib qoldim. Shunda ularga Jabroil alayhissalom “Birodarlaringizning go‘shtini yeganingizdek, yeyaveringlar”, deb aytdi. Men hayratlanib: “Ey Jabroil, ular kimlar edi?” deb so‘radim. Jabroil: “Ular ummatlaringiz orasidagi g‘iybatchilardir”, deb javob berdi” (Imom Ahmad va Imom Abu Dovud rivoyati). Vallohu a’lam.