Islom
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalamga kim namozni o‘rgatganligini bilasizmi?

Savol: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalamga Jabroil alayhissalom namozni o‘rgatganlarida Meroj va Isro kechalari bo‘lmagan edimi? Ya’ni, 5 mahal namoz farz bo‘lmagan edimi? Necha mahal namoz o‘qir edilar.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Isro va Me’roj kechasida namoz farz bo‘lgandan keyin Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimiz alayhissalomga Baytullohning yonida ikki kun ketma-ket (peshin namozidan boshlab) namozlarni o‘qib berdilar. Birinchi kuni namozlarning avvalgi vaqtida, ikkinchi kuni keyingi vaqtida. Namozlar mana shu avvalgi va oxirgi vaqt oralig‘ida o‘qilishini bildirdilar. Har ikki kunda shomni quyosh botgandan keyin darrov o‘qidilar.
عن بن عمر قال لما فرضت الصلاة نزل جبرائيل عليه السلام
على النبي صلى الله عليه وسلم فصلى به الظهر وذكر المواقيت … (رواه الدارقطني)
Ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Namoz farz qilinganda Jabroil alayhissalom Payg‘ambar alayhissalomga keldilar. Peshinni o‘qib berdilar va (namoz) vaqtlarini aytib berdilar…” (Imom Doraqutniy rivoyati).
Bu voqeagacha ibodatlar biz bilgan 5 vaqt namoz shaklida bo‘lmagan.
Tafsiri Tabariyda shunday keltiriladi:
قال قتادة رحمه الله : » كان بدءُ الصيام أمِروا بثلاثة أيام من كل شهر ، وركعتين غدوة ، وركعتين عشية » . «تفسير الطبري»
“Qatoda rahimahulloh aytadilar: “Ro‘zani boshlanishida (ya’ni farz bo‘lishidan avval) har oyda uch kun tutishga va ikki rakat tongda, ikki rakat kechki payt namozga buyurildilar”.
Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi