O‘zbekiston

Ishga chiqib qaytmaganlar: 2025-yilda O‘zbekistonda 248 xodim halok bo‘ldi

Foto: viloyat SSB

2025-yil davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarish va mehnat jarayoni bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida 248 nafar xodim vafot etgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.

Keltirilishicha, yil davomida respublika bo‘yicha 849 ta mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisa o‘rganilib, belgilangan tartibda hisobga olingan. Ushbu hodisalarning 83 tasi og‘ir oqibatli, 216 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan.

Baxtsiz hodisalar natijasida jami 961 nafar fuqaro jabrlangan. Shundan:

  • 680 nafar xodim og‘ir tan jarohati olgan,
  • 33 nafari yengil jarohatlangan,
  • 248 nafar ishchi-xodim hayotdan ko‘z yumgan.

Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra, mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilmagani sabab 432 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, yana 241 nafarga ma’muriy jarima qo‘llangan.

Taqqoslash uchun, 2024-yilda mamlakatda mehnat jarayoni bilan bog‘liq 868 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan bo‘lib, ularda 974 nafar xodim jabrlangan, 261 nafari esa vafot etgan.

Ma’lumot o‘rnida qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 187-moddasiga muvofiq, xodim mehnat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan taqdirda, ish beruvchi (agar qonunchilikda boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa) marhumning oila a’zolariga yetkazilgan zararlarni to‘liq hajmda qoplab berishi shart. Ushbu to‘lovlarga:

  • ma’naviy zarar,
  • boquvchining vafoti munosabati bilan yetkazilgan zarar,
  • bir yo‘la beriladigan nafaqa kiradi.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 191-moddasida belgilanishicha, agar hodisa jabrlanuvchining qo‘pol ehtiyotsizligi oqibatida sodir bo‘lgan va ish beruvchining aybi aniqlanmagan bo‘lsa, to‘lanadigan zarar miqdori kamaytirilishi mumkin. Biroq bu holat ish beruvchini zararni qoplash majburiyatidan to‘liq ozod etmaydi.

Mutaxassislar mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, ishlab chiqarishdagi nazoratni kuchaytirish va xodimlar bilan muntazam tushuntirish ishlarini olib borish bunday fojealarni kamaytirishda muhim omil ekanini ta’kidlamoqda.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version