Islom

Alloh taoloning yo‘llarda aylanib yuradigan farishtalari bordir. Ular ahli zikrlarni qidirib yuradilar

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam ahli zikrlarni Alloh taologa eng yaqin zotlar ekanligini hadisi shariflarida aytib o‘tganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilarki: “Alloh taoloning yo‘llarda aylanib yuradigan farishtalari bordir. Ular ahli zikrlarni qidirib yuradilar. Agar Alloh taoloni zikr qilib turgan jamoani topsalar, izlab yurganlaringizga kelinglar deb bir-birlarini chaqiradilar. Qanotlari bilan ahli zikrlarni o‘rab oladilar dunyo osmonigacha. Robbilari ulardan so‘raydi vaholanki, robbilari ulardan biluvchiroqdir.

Bandalarim nima deyapti?

Farishtalar aytadilarki: “Bandalaring senga tasbeh aytayabdilar, takbir aytayabdilar, hamd aytyabdilar va seni ulug‘layabdilar”.

Alloh taolo aytadiki:

Ular meni ko‘rganmi?

Farishtalar javob beradilarki: “Yo‘q, qasam sengaki, ular seni ko‘rganlari yo‘q”.

Alloh taolo aytadiki:

Qanday qilardilar meni ko‘rganlarida?

Farishtalar aytadilarki, “Agar seni ko‘rganlarida senga qattiq ibodat qilardilar, qattiq seni ulug‘lar edilar va senga ko‘p tasbeh aytardilar”.

Alloh taolo aytadiki:

Bandalarim nimani so‘rayaptilar?

Farishtalar “Jannatni so‘rayabdilar” deb javob beradilar.

Alloh taolo aytadi:

Ular uni ko‘rganmi?

Farishtalar aytadilarki, “Yo‘q, senga qasamki, ey robbimiz, ular uni ko‘rgani yo‘q”.

Alloh taolo aytadi:

Qanday qilardilar agar ular jannatni ko‘rganlarida?

Farishtalar javob beradilarki: “Agar ular jannatni ko‘rganlarida unga qattiq hirs qo‘yardilar va uni qattiq talab qilardilar va unga bo‘lgan rag‘batlarini buyuk qilardilar”.

Alloh taolo:

Bandalarim nimadan panoh tilayabdilar?

Farishtalar “Do‘zaxdan” deydilar.

Alloh taolo so‘raydi:

Ular uni ko‘rganmi?

Farishtalar aytadilarki, “Qasam senga, ey robbimiz, ular uni ko‘rgani yo‘q”.

Alloh taolo aytadi:

Agar uni ko‘rganlarida qanday qilardilar?

Farishtalar javob beradilarki, “Agar bandalaring uni ko‘rganlarida undan qattiq qochardilar va undan qattiq qo‘rqardilar”.

Alloh taolo aytadiki:

Guvoh qilaman sizlarni batahqiq men ularni kechirdim.

Shunda farishtalardan biri aytadiki, “Ularning orasida falonchi bor u ulardan emas, albatta u o‘zining hojati uchun kelgan”.

Alloh taolo aytadiki:

Ular bilan birga o‘tirganlar badbaxt bo‘lmaydi.

(Imom Buxoriy rivoyati)

Alloh taolo barchalarimizni mana shunday baxtu saodatga muyassar etib, ahli zikrlardan bo‘lishimizni nasib qilsin.

Muallif: Haydar Odilov, Kogon tumani Xo‘ja Ka’bul Axbor Vali jome’ masjidi imom-xatibi.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version