Jahon

Fransiyada davlat idoralarida Zoom orqali videokonferensiya qilish taqiqlanmoqda

Foto: Youtube.com

Fransiya hukumati 2027-yilgacha barcha davlat idoralarida Microsoft Teams va Zoom kabi AQShda ishlab chiqilgan platformalardan voz kechib, ularning o‘rniga mahalliy ishlab chiqilgan Visio videokonferensiya platformasidan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat rasmiylari dushanba kuni ma’lum qildi.

Mazkur qaror Fransiyaning, xususan, AQSH kompaniyalariga tegishli xorijiy dasturiy ta’minotlardan foydalanishni qisqartirish va muhim raqamli infratuzilma ustidan nazoratni qayta qo‘lga olish strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Ushbu qadam Yevropa Ittifoqida raqamli suverenitet masalasi tobora dolzarblashib borayotgan bir paytda qabul qilinmoqda.

Davlat xizmati va davlat islohoti vaziri David Amielning ta’kidlashicha, asosiy maqsad — Yevropadan tashqarida ishlab chiqilgan yechimlardan voz kechish hamda davlat elektron muloqotlarining xavfsizligi va maxfiyligini ta’minlashdir.

Visio nima?

Visio — Fransiyaning Suite Numérique dasturi doirasida yaratilgan raqamli ekotizimning bir qismi bo‘lib, u Gmail, Slack kabi AQSH servislariga muqobil sifatida ishlab chiqilgan. Ushbu platformalar faqat davlat xizmatchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, xususiy kompaniyalar yoki keng jamoatchilik foydalanishi uchun ochiq emas.

Visio sun’iy intellekt asosida ishlovchi majlis stenogrammasi va nutq egalarini aniqlash (speaker diarization) funksiyalariga ega. Bu texnologiyalar fransuz startapi Pyannote tomonidan ishlab chiqilgan.

Platforma Fransiyaning Outscale kompaniyasiga tegishli suveren bulut infratuzilmasida joylashtirilgan. Outscale esa Dassault Systèmes kompaniyasining sho‘ba korxonasi hisoblanadi.

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, Visio’ga o‘tish orqali har 100 ming foydalanuvchi uchun yiliga 1 million yevrogacha litsenziya xarajatlarini tejash mumkin.

Mazkur qaror Yevropada AQSh IT infratuzilmalariga haddan tashqari bog‘liqlik borasidagi xavotirlar kuchaygan bir paytda qabul qilindi. Xususan, o‘tgan yili AQSh bulutli xizmatlaridagi uzilishlar bu masalani yana kun tartibiga olib chiqqan edi.

David Amielning so‘zlariga ko‘ra, bu strategiya Fransiyaning geosiyosiy keskinliklar fonida raqamli mustaqillikni mustahkamlash, xorijiy kuzatuv va texnologik uzilishlar xavfini kamaytirishga bo‘lgan qat’iy intilishini namoyon etadi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version