O‘zbekiston
Davlat organlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati baholanadi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan hukumatning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, Prezident virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash samaradorligini baholash va toifalash tartibi belgilandi.
2018-yil 7-maydagi 341-son qarorga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, davlat organlari, muassasalari hamda davlat ishtirokidagi tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslarining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash faoliyatini baholash bo‘yicha nizom tasdiqlandi. Nizom talablari Prezident virtual qabulxonasi tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilib, ijro uchun yo‘naltirilgan murojaatlarga tatbiq etiladi.
Baholash jarayonida quyidagi ko‘rsatkichlar tahlil qilinadi: ro‘yxatga olingan murojaatlar soni, qanoatlantirilgan va rad etilgan murojaatlar, ijro muddatlari buzilishi hamda takroriy murojaatlar.
Tahlil natijalariga ko‘ra tashkilotlar faoliyati uch toifaga ajratiladi:
🟢 yashil — yuqori natijadorlik,
🟡 sariq — o‘rta natijadorlik,
🔴 qizil — past natijadorlik.
Baholash yakunlari mansabdor shaxslarning KPI ko‘rsatkichlariga ham ta’sir qiladi: yashil toifa — 100%, sariq — 50%, qizil — 10% etib belgilanadi.
“Qizil” toifaga kiritilgan davlat organlari rahbarlari yoki ularning tegishli o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rilishi mumkin.