Jahon
AQSh–O‘zbekiston: biznes ko‘prigi qurildi

AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi Serjio Gorning mintaqaga tashrifi doirasida O‘zbekiston–AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim tadbir bo‘lib o‘tdi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qilishicha, maxsus vakil Serjio Gor ishtirokida Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining birinchi yig‘ilishi tashkil etildi. Ushbu yig‘ilish ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiyalarni kengaytirish va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram sahifasida uchrashuv konstruktiv, ochiq va kelajakka qaratilgan ruhda o‘tganini ta’kidlab, yaqin istiqbolda har ikki tomon uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha aniq va mazmunli loyihalar amalga oshirilishini qayd etdi. Jumladan, sanoat, energetika, infratuzilma, raqamli texnologiyalar va moliya sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Qayd etish joiz-ki, Serjio Gor 3–7 fevral kunlari Qirg‘iziston va O‘zbekistonga tashrif buyurdi. AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, ushbu safar doirasida elchi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan bo‘lgan biznes vakillari hamda siyosatchilar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgan.
Shuningdek, Bishkek va Toshkent shaharlarida yuqori martabali rasmiylar bilan muzokaralar bo‘lib o‘tib, unda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish masalalari muhokama qilinmoqda. Mazkur tashrif AQShning Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy va siyosiy muloqotni faollashtirishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.