Buxoro yangiliklari

Peshku tumani: oltinli yer, 600 ming dollar va qamoq

Foto: DXX Buxoro viloyati boshqarmasi

Yana bir yirik firibgarlik holati fosh etildi. Bu safar gap 600 ming AQSh dollari haqida ketmoqda.

Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida yashovchi, 1973-yilda tug‘ilgan xususiy tadbirkor o‘zini “katta tanishlari bor” shaxs sifatida ko‘rsatib, Buxoro viloyatining Peshku tumani hududidagi oltin va boshqa qimmatbaho metallarga boy, davlat zaxirasida turgan 290 gektar yer maydonini auksion savdolari orqali olib berishni va’da qilgan.

Uning “mijoz”i esa Shofirkon tumanida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan fuqaro bo‘lgan. Tadbirkor go‘yoki mansabdor tanishlari yordamida yer maydonini rasmiylashtirib berishini aytib, buning evaziga 600 ming AQSH dollari talab qilgan.

Ammo voqea kutilmagan tarzda yakun topdi.

Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxs oldindan 230 ming AQSH dollari va 840 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, u ilgari ham bir necha bor firibgarlik jinoyati uchun sudlangan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan va tergov harakatlari davom etmoqda.

Katta va’dalar, “tanish-bilish” degan gaplar va katta summadagi pullar ortida ko‘pincha firibgarlik yotishi yana bir bor isbotlandi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version