Buxoro yangiliklari

Yorjon endi oddiy qishloq emas: unga “Turizm qishlog‘i” maqomi beriladi

Foto: Buxoro tumani hokimligi

Buxoro tumanidagi “Oybek” mahallasiga qarashli Yorjon qishlog‘i yaqin orada mutlaqo yangi maqomga ega bo‘lishi mumkin. Prezidentning 2024-yil 12-avgustdagi PQ–287-sonli qaroriga muvofiq, hududda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish hamda turizmni jadallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlangan. Endilikda Yorjonga rasman “Turizm qishlog‘i” maqomini berish rejalashtirilmoqda.

Kuni kecha Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligidagi mutasaddilar Yorjon qishlog‘ining turizm salohiyatini o‘rganish maqsadida tashrif buyurishdi. Uchrashuv davomida hududdagi tabiiy go‘zalliklar, tarixiy joylar, milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan hayot tarzi va mavjud infratuzilma imkoniyatlari o‘rganildi.

Bu shunchaki nom o‘zgarishi emas. Qishloqda infratuzilmani yangilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, transport qatnovini yaxshilash, muhandislik tarmoqlarini modernizatsiya qilish kabi aniq ishlar ko‘zda tutilgan. Mahalliy aholini turizm va servis yo‘nalishlarida o‘qitish, mehmondo‘stlik madaniyatini oshirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash ham ustuvor vazifalardan biri.

Yorjonda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish uchun sharoit yaratish, ekologik, etno va agro-turizm yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Oilaviy mehmon uylari sonini ko‘paytirish, kichik servis nuqtalarini tashkil etish orqali qishloq aholisi uchun yangi daromad manbalari yaratiladi.

Mutaxassislar tomonidan Yorjonni brend qishloq sifatida shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ham ishlab chiqilgan. Unda hududning tarixiy, tabiiy va madaniy jihatlarini sayyohlar uchun jozibador tarzda namoyish etish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xizmatlar sifatini xalqaro talablarga moslashtirish masalalari aks etgan.

Agar rejalar to‘liq amalga oshsa, Buxoro tumanidagi Yorjon qishlog‘i nafaqat viloyatning yangi sayyohlik nuqtasiga aylanadi, balki mahalliy aholi bandligini oshiradigan, xorijiy mehmonlarni milliy qadriyatlar bilan tanishtiradigan maskanga aylanishi kutilmoqda.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version