Özbekiston
Xitoy yetakchi, Rossiya va Turkiya ortidan: O‘zbekistondagi qaysi ko‘rsatkich haqida gap ketmoqda?

O‘zbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni yildan yilga ko‘paymoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 fevral holatiga mamlakatda bunday korxonalar soni 18 513 taga yetgan.
Shundan 4 282 tasi qo‘shma korxona, 14 231 tasi esa to‘liq xorijiy kapital asosida tashkil etilgan korxonalar hisoblanadi. E’tiborlisi, so‘nggi besh yil ichida ularning umumiy soni 1,9 barobarga oshgan. Xorijiy korxonalar ulushi esa 55,1 foizdan 76,9 foizgacha ko‘tarilgan.
Eng ko‘p korxona ochgan davlatlar orasida:
- Xitoy — 5 218 ta
- Rossiya — 3 190 ta
- Turkiya — 2 149 ta
Keyingi o‘rinlarda esa Qozog‘iston (1 221 ta), Janubiy Koreya (699 ta), Afg‘oniston (647 ta), BAA (413 ta), Tojikiston (410 ta), Hindiston (394 ta) va Ozarboyjon (368 ta) joylashgan.
Mutaxassislar bu o‘sishni mamlakatdagi investitsiya muhitining yaxshilanayotgani, biznes yuritish sharoitlari soddalashtirilgani va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar bilan izohlamoqda. Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston mintaqada xorijiy kapitalni faol jalb qilayotgan davlatlardan biriga aylanib bormoqda.