Buxoro yangiliklari

Buxoroda “hayp” ortidan jarima: fuqaroni oyog‘idan osib video olganlar jazolandi (video)

Foto: Buxoro viloyati IIB

Buxoro viloyatida ijtimoiy tarmoqda mashhurlikka erishish istagi bilan sahnalashtirilgan video mualliflari javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.

Voqea Peshku tumanidagi oshxonalardan birida yuz bergan. Instagram uchun olingan videoda bir fuqaro oyog‘idan osib qo‘yilgan, yonida esa qassob rolini ijro etgan shaxs pichoq charxlab turgani aks etgan. Tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalib, jamoatchilik orasida keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur sahna Instagram’dagi kanal admini hamda umumiy ovqatlanish shoxobchasi egalari o‘rtasida oldindan kelishilgan holda tayyorlangan. Maqsad — mijozlarni jalb qilish va “hayp” orttirish bo‘lgan.

Huquq-tartibot organlari tomonidan to‘plangan materiallar Peshku tumani sudida ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasida aybli deb topildi va bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida jarimaga tortildi.

Eslatib o‘tamiz, 3-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida internetda o‘z huquqbuzarligini tarqatgan shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.

Javob berish

Eng köp öqilgan maqolalar

Exit mobile version