Jahon

BAAda 7-sinfga qadar o‘quvchilarga sun’iy intellektdan foydalanish taqiqlandi

Foto: Licdn.com

BAA maktablarida sun’iy intellektga “qizil chiziq”: 13 yoshgacha to‘liq taqiq

BAA Ta’lim vazirligi maktablarda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha yangi va qat’iy qoidalarni tasdiqladi. Bu haqda Gulf News xabar berdi. Yangi yo‘riqnoma mamlakatdagi barcha ta’lim muassasalariga yuborilgan bo‘lib, uni bajarish majburiy hisoblanadi.

Hujjat ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan foydalanishning yagona standartlarini belgilaydi. Asosiy e’tibor uch yo‘nalishga qaratilgan: akademik halollik, bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish va bilimlarni adolatli baholash.

Eng keskin qarorlardan biri — 13 yoshdan kichik yoki 7-sinfdan past o‘quvchilarga sun’iy intellektdan foydalanishni to‘liq taqiqlashdir. Vazirlik bu cheklov yosh xususiyatlariga mos ekanini va bolalarni ehtimoliy salbiy oqibatlardan himoya qilishga qaratilganini ta’kidladi.

Akademik halollik masalasi alohida band sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Endilikda o‘quvchilar o‘qituvchi ruxsatisiz sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan topshiriq, loyiha yoki hisobotni o‘z ishi sifatida topshira olmaydi. Imtihon va nazorat ishlari vaqtida SI’dan foydalanish qat’iyan man etildi. Mavzuni tushunmasdan turib, sun’iy intellekt yaratgan matnni qayta ishlab topshirish ham qoidabuzarlik sanaladi.

Kontent masalasida ham qat’iy talablar belgilandi. BAAning diniy, milliy va madaniy qadriyatlariga zid materiallar, zo‘ravonlik, dezinformatsiya, kamsitish, kiberbulling yoki noqonuniy harakatlarga undovchi kontent taqiqlanadi.

Shaxsiy ma’lumotlar va intellektual mulkni himoya qilish ham asosiy talablar qatorida. O‘qituvchilar va ota-onalarning shaxsiy ma’lumotlarini sun’iy intellekt platformalariga yuklash, mualliflik huquqi bilan himoyalangan materiallarni ruxsatsiz tarqatish, dipfeyk yoki shaxsni soxtalashtirish texnologiyalaridan foydalanish taqiqlanadi. Shuningdek, barcha ishtirokchilar roziligisiz darslarni yozib olish ham mumkin emas.

Bundan tashqari, tasdiqlanmagan sun’iy intellekt platformalaridan foydalanish to‘liq man etildi. Maktab xavfsizlik tizimlarini, jumladan VPN’ni chetlab o‘tishga urinish yoki shaxsiy ma’lumotlar orqali tashqi xizmatlarda akkaunt ochish ham qoidabuzarlik sifatida baholanadi.

Shu tariqa, BAA ta’lim tizimida sun’iy intellektdan foydalanishni to‘liq taqiqlash emas, balki uni qat’iy nazorat ostiga olish yo‘lini tanladi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version