Buxoro yangiliklari
Buxoroning ayrim ko‘chalarida harakat vaqtincha cheklandi

Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan Buxoro shahrida ayrim ko‘chalarda transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Buxoro shahar hokimining tegishli farmoyishiga asosan, 2026-yil 18-fevraldan 19-martga qadar har kuni soat 18:00 dan 24:00 gacha “Taroveh” namozlari o‘qiladigan masjidlar atrofida transport harakati cheklanadi.
Xususan, quyidagi yo‘nalishlarda vaqtinchalik cheklov joriy etiladi:
- “Fayzobod” masjidi — “Ibn Sino” ko‘chasining “Dilkusho” ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasidan “Oq masjid” (2524-avtojamlanma) ko‘chasi bilan kesishgan qismigacha;
- “Dilkusho” masjidi — “Dilkusho” ko‘chasining “Ibn Sino” ko‘chasi bilan kesishgan qismidan “Xalqobod” ko‘chasi (“Dilkusho” dehqon bozori) bilan kesishgan qismigacha;
- “Bolo hovuz” masjidi — “Abu Hafs Kabir” ko‘chasining “Muhammad Karim” ko‘chasi bilan kesishgan qismidan “Xo‘ja Nurobod” ko‘chasi (aylanma harakatdan 6-maktabga burilish) bilan kesishgan qismigacha;
- “Abu Hafs Kabir” (Hazrati Imom) masjidi — “Abu Hafs Kabir” ko‘chasining “Ibn Sino” ko‘chasi (“Raymag” aylanma harakati) bilan kesishgan qismidan “Vobkent” ko‘chasi bilan kesishgan qismigacha;
- “Volidai Abdulazizxon” masjidi — “Havzi Nav” ko‘chasining “Muhammad Iqbol” ko‘chasi bilan kesishgan qismidan “Jo‘ybor” ko‘chasi (“Trikotaj” chorrahasi) bilan kesishgan qismigacha;
- “Umar Ibn Xattob” masjidi — “Alpomish” ko‘chasi bo‘ylab;
- “Piridastgir” masjidi — “Piridastgir” ko‘chasi bo‘ylab;
- “Sayfiddin Boxarziy” masjidi — “Zulfiya” va “Ibrohim Mo‘minov” ko‘chalari bo‘ylab.
Shuningdek, shahar va tumanlarda katta yo‘l yoqasida joylashgan masjidlar atrofidagi ko‘chalarda ham zarurat tug‘ilganda transport harakati vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.
Ichki ishlar organlari barcha haydovchilardan vaziyatni inobatga olib, yo‘l harakatini tartibga soluvchi xodimlar ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishni so‘radi.
Mazkur vaqtinchalik cheklovlar ibodat qiluvchilarning xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash maqsadida joriy etilmoqda. Fuqarolardan ushbu tartiblarga mas’uliyat bilan yondashib, belgilangan qoidalarga amal qilish so‘raladi.