Buxoro yangiliklari

“Qizil kitob”dagi jonivor otildi: Buxoro tog‘ qo‘yi uchun 412 million so‘m zarar hisoblandi

Foto: Ekologiya va iqlim oʻzgarishlari milliy qoʻmitasi

Surxondaryo viloyatida tabiatga yetkazilgan navbatdagi og‘ir zarba fosh etildi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishlari milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida noyob hayvon — “Qizil kitob”ga kiritilgan Buxoro tog‘ qo‘yi noqonuniy ravishda ovlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro T.I. o‘ziga tegishli ov quroli bilan bir bosh Buxoro tog‘ qo‘yini otib tashlagan. Bu esa nafaqat qonunbuzarlik, balki yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turga nisbatan jiddiy tajovuz sifatida baholanmoqda.

Mazkur holatda “Ov qilish va ov xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi hamda “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu noqonuniy ov oqibatida hayvonot dunyosiga 412 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatida “Qizil kitob”ga kiritilgan lochinlarni chegaradan noqonuniy olib chiqishga uringan shaxsning harakati oqibatida tabiatga 4,9 milliard so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan edi. Bu kabi holatlar noyob turlarni asrash masalasi qanchalik dolzarb ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version