Islom
Siz qanday yashamoqdasiz?

Shukr qilgan banda savob oladi. Alloh unga beradigan ne’matlarini yanada ziyoda qiladi. Noshukurlik qilgan odam esa gunohkor bo‘ladi va Alloh unga beradigan ne’matlarini uzib qo‘yadi. Bandasining shukr qilishiga Allohning ehtiyoji yo‘q, u karamli Zotdir. U ne’matlarini O‘z karami ila beradi, shukr uchun emas.
Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِن شَكَرْتُمْ لأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِن كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ
“Va Robbingizning: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb e’lon qilganini ham eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Shukr ne’mat beruvchi zotga maqtov so‘zlarini aytish va ul ne’matni Allohning roziligi yo‘lida sarflashdan iboratdir. Berilgan ne’matga shukr etish insonning to‘g‘ri yo‘ldaligini – mustahkam ekanini ko‘rsatadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga shukr qilmasa, odamlarga ham tashakkur qilmaydi”, dedilar.
Termiziyning lafzida: “Odamlarga tashakkur qilmagan inson Allohga ham shukr qilmaydi”, deyilgan.
Alloh taoloning yaxshiligini bilmagan nobakor shaxs bandaning yaxshiligini bilarmidi? Bunday nusxalar doimo va har kimga nisbatan noshukr bo‘ladilar. Alloh taolo o‘shalardan bo‘lishdan asrasin.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi