Buxoro yangiliklari
Buxorolik yigit xayriya pullarini o‘zlashtirgani uchun qo‘lga olindi

Toshkent viloyati IIBB ning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari xayriya mablag‘larini o‘zlashtirishda gumon qilinayotgan shaxsni qo‘lga oldi. Aniqlanishicha, jinoyatni sodir etgan shaxs 21 yoshli Buxoro viloyati fuqarosi bo‘lgan.
Buxorolik yigit ijtimoiy tarmoqlar orqali firibgarlik qilgan
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Instagram’da og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bolalar uchun yordam so‘ralgan videolarni yuklab olib, montaj orqali asl bank rekvizitlarini o‘zgartirgan. Natijada saxovatli fuqarolar tomonidan davolanish uchun yuborilgan mablag‘lar gumonlanuvchining onasi nomiga rasmiylashtirilgan bank kartasiga kelib tushgan.
Qariyb 2 ming marotaba pul o‘tkazmasi aniqlangan
Dastlabki tergov davomida 2025-yil oktabr oyidan qo‘lga olinguniga qadar ushbu hisob raqamiga qariyb 2 mingta tranzaksiya amalga oshirilgani aniqlangan. O‘zlashtirilgan mablag‘larning umumiy miqdori 161 million so‘mni tashkil etgan. Gumonlanuvchi bu pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi — axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik — bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari davom etmoqda.